“Sputnik V” vaksinasi faqat amaldorlar uchunmi?

Jamiyat

Ayni vaqtda O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi emlash jarayonlari jadallik bilan davom etmoqda. Mamlakatda pandemiya boshlangandan buyon 113568 nafar kishi koronavirus kasalligiga chalingani qayd etilgan. Shundan 109349 kishi sog‘aygan. 1 apreldan to 5 iyulga qadar O‘zbekistonda 4 million 224 ming 934 doza vaksina qo‘llanilgan. 

Ayni vaqtda mamlakatda uch nomdagi vaksinalardan foydalanilmoqda. Bular – “Sputnik V”, “AstraZeneca” va “ZF-UZ-VAC 2001”. Biroq, odamlar orasida eng ko‘p ommalashgani Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasi bo‘lmoqda. Ko‘pchilik o‘zi istiqomat qiladigan hududdagi poliklinikadan ushbu vaksinani topa olmagani, amaldorlar esa aynan shu vaksina bilan emlanayotganini aytib, e’tiroz bildirmoqda. Ayniqsa, o‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek  Ozodbek Nazarbekov “Xalqaro press-klub”ning vaksinatsiyaga bag‘ishlangan sessiyasida “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishi ushbu e’tirozlarni yanada orttirdi. Xo‘sh, “Sputnik V” faqat amaldorlar uchunmi? Ushbu savolga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi  Botir Jo‘rabayevich Qurbonov bilan suhbatlashdi. 

QALAMPIR.UZ: —“Xalqaro press-klub”ga borganlar, xususan vazir Nazarbekov nega “Sputnik V” vaksinasi bilan emlandi? Yo ushbu vaksina faqat amaldorlarga atalganmi? 

Botir Qurbonov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari: — “Sputnik V” vaksinasi faqat amaldorlar uchun emas. Ushbu vaksina birinchi navbatta xavf guruhi yuqori bo‘lgan aholiga, ya’ni 65 yoshdan oshgan keksalarga, keyingi o‘rinda tibbiyot xodimlariga qilinyapti. Shuningdek, “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekiston Respublikasiga qanchalik ko‘p miqdorda olib kelinsa, sekin-asta  aholining barcha qatlamiga tarqatilishi boshlanadi. Lekin, bugungi kunda olib kelinayotgan “Sputnik V” vaksinasining dozasi kamligini sababli u aholining eng yaqori xavf guruhi orasida qo‘llanilmoqda.  “Xalqaro press-klub”da bo‘lgan vaksinatsiya jarayonlarida 3 ta vaksina – “Sputnik V”, “AstraZeneca” va “ZF-UZ-VAC 2001”  vaksinalari olib kelindi. Unda nafaqat Ozodbek Nazarbekov, balki boshqa ishtirok etganlar, ya’ni jurnalistlar, blogerlar va boshqa xalq vakillari ham ushbu vaksinalar bilan emlandi. “Xalqaro press-klub”ga 3 ta vaksina olib kelinishidan maqsad  bugungi kunda O‘zbekistonda 3 ta vaksinadan foydalanayotganligini aholiga ko‘rsatish va yetkazish edi. Shuning uchun 3 ta vaksinadan foydalanildi. 

O‘zbekistonda ham Qozog‘iston va boshqa bir qator respublikalar singari  “Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgandan keyin minglab dozada ushbu vaksinasidan foydalanish imkoni yaratiladi. Bu jarayon haqida tez kunlarda O‘zbekiston aholisiga aniq bayonot beramiz. Ayni kunlarda buning uchun tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Shu o‘rinda aytish mumkinki, “ZF-UZ-VAC 2001”  vaksinasi “Sputnik V” vaksinasida qolishmaydigan, barcha turdagi mutatsiyaga uchragan karonavirus shtammlariga ta’sir qila oladigan vaksina hisoblanadi. O‘zbekistonda ushbu vaksinaning ham uchinchi klinik bosqichi amalga oshirilgan, 7 mindan ortiq odamlarda klinik tadqiqotlar o‘tkazilgan va ularning barchasida ijobiy natija olingan.   

QALAMPIR.UZ: — Demak , “Sputnik V”  vaksinasining “ZF-UZ-VAC 2001”  va “AstraZeneca” vaksinalaridan farqi bormi?

B.Q.: — “Sputnik V” vaksinasi “AstraZeneca” va “ZF-UZ-VAC 2001”  vaksinalaridan hech qanday farq qilmaydi. Faqatgina qolgan vaksinalarning O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasiga nisbatan reklamasi kamroq bo‘lgani uchun ham juda ko‘p aholimiz tomonidan savollar va murojaatlarga sabab bo‘lmoqda. “Sputnik V” vaksinasi Rossiyada shu darajada ko‘p reklama qilingani bois aholimizda ushbu vaksinaga ehtiyoj yoki unga bo‘lgan talab oshib ketmoqda. 

QALAMPIR.UZ: — Hozirgi kunda “Sputnik V” vaksinasi qaysi emlash punktlarida mavjud?

B.Q.: — Bugunni kunda “Sputnik V” vaksinasini saqlashda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar tug‘ilmoqda. Masalan boshqa vaksinalarni +2 - +8 darajada saqlansa, “Sputnik V” vaksinasinii esa -18 gradusdan kam bo‘lmagan haroratda saqlanishi kerak va bu o‘ziga yarasha maxsus muzlatgichlarni talab etadi. Shuning uchun  “Sputnik V” vaksinasinii Toshkent shag‘ridagi barcha tumanlarning markaziy poliklinikalarida, shuningdek barcha viloyat markazlarida tashkil etilgan vaksina emlash punktlarida topish mumkin. Ushbu vaksinalarni hududlarga yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

268

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing