Kurdlar Eronga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish shartini aytdi
Olam
−
07 mart 14218 2 daqiqa
Eronning “Kurdiston erkin hayot partiyasi” (PJAK) qurolli a’zolari allaqachon Eron hududida va qo‘zg‘olonga shay, biroq ular AQSH qo‘llab-quvvatlashisiz harakat boshlamaydi. Bu haqda partiya hamraisi Amir Karimi “Axios” nashriga ma’lum qildi.
“O‘tmishda ikkita yirik qo‘zg‘olon qo‘llab-quvvatlovsiz qolib ketdi, bu esa rejimga o‘z mavjudligini uzaytirish imkonini berdi”, deydi u.
Karimi, shuningdek, tashkilot AQSH rasmiylari bilan aloqada ekanini, ammo Isroil hukumati yoki uning “Mossad” razvedka xizmati bilan aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
PJAK’ning jangovar qanoti “Sharqiy Kurdiston mudofaasi” (HRK) deb ataladi. 2000-yillarning boshidan beri u Eronda kurd muxtoriyatini o‘rnatish maqsadida Eron hukumati bilan qurolli mojaro olib bormoqda. Turkiya, AQSH va Eronning o‘zida HRK terrorchi tashkilot deb tan olingan.
“Bizning baholashimizcha, yerusti qo‘shinlarisiz rejimni o‘zgartirish imkonsiz va bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH bu hududlarga qo‘shin yubormayapti”, deydi Iroq kurdlari vakili bo‘lgan ismi oshkor etilmagan mulozim.
Ma’lumot uchun, “Kurdiston erkin hayot partiyasi” – Erondagi kurdlarning madaniy va siyosiy huquqlarini himoya qiluvchi hamda o‘z taqdirini o‘zi belgilash uchun kurashuvchi kurd harbiy-siyosiy tashkilotidir. U Turkiyadagi “Kurdiston ishchi partiyasi”ning Erondagi analogi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Razvedka vazirligi mamlakat g‘arbiy chegaralari yaqinida kurd qurolli guruhlarining pozitsiyalariga zarba berilganini ma’lum qilgandi. Operatsiya Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan va guruhlarga tegishli bazalar hamda o‘q-dori omborlari yo‘q qilingan.
Live
Barchasi