Kuper nimalarga umid qilmoqda?

Sport

image

Xabaringiz bor, Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga, 2 iyun kuni Turkiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.

Bugun mazkur bahs oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida bosh jamoa ustoziga Temurxo‘ja Abduxoliqov hamroxlik qildi.

“Terma jamoa safiga yangi jalb etilgan futbolchilar menda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Ular mashg‘ulotlarda yaxshi harakat qilishmoqda. Terma jamoa va klubdagi shart-sharoit, holat va talablar o‘zgacha bo‘ladi. Ishonamanki, yangi futbolchilarimiz milliy terma jamoaga tez kirishib ketishadi va ularning barchasi bizga foyda keltirishadi.

Tez orada Jahon chempionati saralash bahslari start oladi. Bu orada yangi futbolchilarni chaqirish, ularga imkoniyat berishga harakat qilyapmiz. Ayni damda boshqa chiziqlar bilan bir qatorda himoyada ham yangilar bor – Akromjon Komilov hamda Hojiakbar Alijonov.

Biz muntazam milliy chempionat uchrashuvlarini kuzatib boramiz va o‘yinchilar harakatlarini, boshqa nomzod futbolchilar o‘yinlarini ham ko‘rib, kuzatib, taqqoslab boramiz. Biz uchun eng muhimi – sof raqobat. Milliy terma jamoada o‘ynashga kim loyiq bo‘lsa, o‘sha futbolchi maydonga chiqadi. Kim talablarga javob bersa, yaxshi formada bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Agar sport formasi joyida bo‘lmasa, uning o‘rniga boshqa bir o‘yinchi chaqiriladi.

Ertangi bahsdagi raqib – Turkiya terma jamoasi haqida iliq firklarni bildira olaman. Ularning oxirgi o‘yinlarini kuzatdim va bu terma jamoa menda juda yaxshi taassurot qoldirdi.

O‘rtoqlik uchrashuvida eng muhimi g‘alaba qozonish emas. Barcha chiziqlarni ko‘rib olish – asosiy maqsad. Lekin baribir ishqibozlar o‘z sevimli jamoasidan chiroyli o‘yin va gollar kutadi.

Ertangi raqib jiddiy. G‘alaba qozonish oson bo‘lmasligi tabiiy. Lekin biz maydonga g‘alaba uchun chiqib, bor mahoratimizni ishga solishga urinamiz. Agar tartibli o‘yin namoyish etsak va butun diqqat-e’tiborni bir maqsadga jamlagan holda to‘p sursak – g‘alaba qozonishimiz mumkin, albatta.

Hujum chizig‘ida raqobat hozir oldingindan ortdi, hozir bizda oldingidan yaxshi hujumchilar bor, ilgari tarkibimizda u qadar yaxshi saviyadagi hujumchilar yo‘q edi, deb o‘ylamayman. Shunchaki, ba’zi o‘yinchilar oldin yaxshi sport formasida edi, hozir boshqalari shunday vaziyatda. Biz uchun muhimi – nomzod futbolchilar hamisha yaxshi formada bo‘lishsin va maydonda o‘z mahoratini namoyish etishsin”, deb aytib o‘tdi Ektor Kuper.

“Ertaga bizni Turkiya terma jamoasiga qarshi juda qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Shaxsan, men uchun bunday terma jamoaga qarshi o‘ynash juda ham qiziq.

Terma jamoamizda sog‘lom raqobat mavjud. Ayniqsa, hujum chizig‘ida ham mana oxirgi paytlarda nomzod futbolchilar soni ortib, raqobat paydo bo‘ldi. Bu futbolchilar uchun ham, terma jamoamiz uchun ham foydali, deb o‘ylayman. 

Ertaga qiziq o‘yin bo‘ladi. Biz ham uchrashuvga yaxshi hozirlik ko‘rdik. Ertaga butun O‘zbekiston xalqini xushnud etishga harakat qilamiz”, dedi Temurxo‘ja Abduxoliqov.


Maqola muallifi

Teglar

Futbol o'rtoqlik o'yini

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing