Futbolning eng katta syurprizlari
Sport
−
16 iyun 4459 9 daqiqa
Futbol tarixida Jahon chempionati nafaqat chempionlarni aniqlaydigan musobaqa, balki millionlab muxlislarni hayratga soladigan sensatsiyalar sahnasi sifatida ham yodda qolgan. Har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan bu turnirda favoritlar kutilmagan mag‘lubiyatlarga uchragan, kamtarona jamoalar esa futbol gigantlarini tiz cho‘ktirib, tarix sahifalariga o‘z nomini muhrlagan kabi holatlarni hech bo‘lmasa bir marta kuzatamiz. Bunga yorqin misol Kabo-Verde. O‘zbekiston singari Jahon chempionati debyutantlari ilk o‘yinda Yevropa chempionlari Ispaniyadan ochko olishga erishdi.
Futbol tarixida esa, bunday holatlar deyarli har galgi turnirda sodir bo‘ladi. Faqat ayrim holatlarda bu natijalar tasodif deb baholangan bo‘lsa, boshqalari butun boshli avlodlar xotirasida o‘chmas iz qoldirish sifatida baholanadi. Angliyaning havaskor futbolchilardan tuzilgan guruhi AQSH jamoasiga yutqazishi, Ferens Pushkash boshchiligidagi qudratli Vengriyaning finalda mag‘lub bo‘lishi, Argentina va Germaniya kabi jahon chempionlarining kutilmagan qulashi yoki Saudiya Arabistonining Lionel Messi yetakchiligidagi Argentina ustidan qozongan g‘alabasi shular jumlasidandir.
Hozir esa, Jahon chempionati tarixidagi eng yirik sensatsiyalarga nazar tashlaymiz. Ularning ayrimlari futbolning eng mashhur ertaklariga aylangan bo‘lsa, ba’zilari butun mamlakatlar uchun milliy fojia sifatida qabul qilingan. Biroq ularning barchasini bir jihat birlashtirib turadi – Jahon chempionatida hech narsa oldindan hal bo‘lmaydi.
AQSH – Angliya 1:0 (1950)
1950 yilgi Jahon chempionatidagi AQSH va Angliya o‘rtasidagi uchrashuv futbol tarixidagi eng katta sensatsiyalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Urushdan keyingi davrda Angliya terma jamoasi turnirning asosiy favoritlaridan biri sanalgan. Jamoa tarkibida Tom Finni, Billi Rayt va Alf Remzi kabi yulduzlar bor edi. AQSH terma jamoasi esa professional futbolchilardan emas, balki oddiy kasb egalari – o‘qituvchi, xat tashuvchi va hatto idish yuvuvchilardan tashkil topgan jamoa sifatida turnirga kelgandi. Ko‘pchilik bu bahsni Angliya uchun oson sayr deb hisoblagan. Biroq o‘yin kutilmagan ssenariy bo‘yicha rivojlangan. 38-daqiqada Jo Gayetjens bosh bilan gol urib, amerikaliklarni oldinga olib chiqdi. Qolgan vaqt davomida angliyaliklar ketma-ket hujum qildi, ammo AQSH darvozaboni Frank Borgi fantastik o‘yin namoyish etib, raqibning barcha urinishlarini bartaraf etgan. Yakunda AQSH 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Jahon chempionatlari tarixidagi eng mashhur mo‘’jizalardan biriga mualliflik qilgan.
G‘arbiy Germaniya – Vengriya 3:2 (1954)
1954 yilgi Jahon chempionati finali tarixga “Bern mo‘’jizasi” nomi bilan kirgan. Vengriya o‘sha paytda dunyo futbolining mutlaq hukmdori edi. Ferens Pushkash boshchiligidagi “Qudratli majarlar” ketma-ket g‘alabalar seriyasi bilan turnirning asosiy favoriti hisoblangan. Guruh bosqichida vengerlar G‘arbiy Germaniyani 8:3 hisobida mag‘lub etgan, shuningdek Janubiy Koreya darvozasiga 9 ta javobsiz gol urgan edi. Finalda ham Vengriya ilk sakkiz daqiqa ichida ikki gol urib, navbatdagi yirik g‘alabaga yaqin turgandi... Biroq nemislar taslim bo‘lishmagan. Ular tez orada hisobni tenglashtirdi va bahs oxirigacha kurashni davom ettirgan. 84-daqiqada Xelmut Ran hal qiluvchi golni kiritib, G‘arbiy Germaniyaga tarixdagi ilk jahon chempionligini taqdim etadi. Bu natija futbol tarixidagi eng hayratlanarli finallardan biri sifatida hanuzgacha eslanadi.
Shimoliy Koreya – Italiya 1:0 (1966)
1966 yilgi Jahon chempionatida Shimoliy Koreyaning ishtirokining o‘ziyoq ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘lgan. Biroq osiyoliklar turnir tarixidagi eng katta sensatsiyalardan biriga mualliflik qilishlarini hech kim tasavvur qilmagan.
Italiya o‘sha paytda ikki karra jahon chempioni sifatida maydonga tushgan bo‘lsa, Shimoliy Koreya debyutant hisoblanardi. Uchrashuv davomida italiyalik yarim himoyachi Jakomo Bulgarelli jarohat olishi va o‘sha davrda almashtirishlarga ruxsat berilmagani sababli jamoa o‘n kishi bo‘lib qoldi.
Uchrashuvning 43-daqiqasida Pak Du Ik Shimoliy Koreyaliklarning tarixiy golini kiritadi. Italiya ikkinchi bo‘limda qancha urinmasin, hisobni o‘zgartira olmadi. Natijada Shimoliy Koreya 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Italiyani musobaqadan chiqarib yubordi. Bu natija hozirgacha Jahon chempionatlari tarixidagi eng katta sensatsiyalardan biri sifatida tilga olinadi.
Jazoir – G‘arbiy Germaniya 2:1 (1982)
1982 yilgi Jahon chempionatida Jazoir futbol tarixidagi eng yorqin sensatsiyalardan birini sodir etdi. G‘arbiy Germaniya amaldagi Yevropa chempioni sifatida turnirning asosiy favoritlari qatorida etirof etilardi. Tarkibda Karl-Hayns Rummenigge, Lotar Matteus va Hans Peter Brigel kabi yulduzlari bor. Afrikaliklar esa birinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etayotgan jamoalardan biri sifatida ko‘rilgan.
54-daqiqada Raboh Majer hisobni ochib, nemislarni shok holatiga tushiradi. Rummenigge hisobni tenglashtirganidan keyin ham Jazoir chekinmadi. Oradan ko‘p o‘tmay Laxdar Bellumi hal qiluvchi golni kiritdi. 2:1 hisobidagi g‘alaba nafaqat Afrika futboli, balki butun Jahon chempionatlari tarixi uchun unutilmas voqeaga aylandi.
Kamerun – Argentina 1:0 (1990)
1990 yilgi Jahon chempionatining ochilish uchrashuvida amaldagi jahon chempioni Argentina Kamerunga qarshi maydonga tushdi. Diyego Maradona boshchiligidagi argentinaliklar nafaqat bahsning, balki butun turnirning asosiy favoritlaridan biri sifatida qaralar edi. Kamerun esa, Afrikadan kelgan kamtarona jamoa sifatida baholanar, ko‘pchilik ularning imkoniyatini past baholardi. Uchrashuv Milandagi afsonaviy “San-Siro” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Argentina o‘yinni faol boshlagan, ammo vaqt o‘tgan sayin kamerunliklar o‘z kuchiga ishona boshlagan va 67-daqiqada Fransua Oman-Biyik boshi bilan zarba berib, hisobni ochadi. Amaldagi chempion Argentina esa, o‘yin yakuniga qadar bu golga javob berolmaydi. Kamerun 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, turnirning ilk kunlaridayoq butun futbol olamini hayratda qoldirdi. Keyinchalik afrikaliklar chorak finalgacha yetib borib, o‘sha paytda qit’a futbolining eng yaxshi natijasini qayd etadi.
Senegal – Fransiya 1:0 (2002)
2002 yilgi Jahon chempionatining ochilish bahsida amaldagi jahon va Yevropa chempioni Fransiya debyutant Senegalga qarshi maydonga tushdi. Fransuzlar tarkibi yulduzlarga to‘la bo‘lib, yana chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri hisoblanardi. Senegal esa o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan terma jamoa edi.
Senegal futbolchilari yuqori tezlik va jismoniy tayyorgarlik hisobiga raqibni qiynab qo‘yadi. Uchrashuvning 30-daqiqasida Papa Buba Diop hisobni ochadi va bu gol o‘yin taqdirini hal qiladi. Fransiya qancha urinmasin, hisobni tenglashtira olmaydi. Natijada Senegal tarixiy g‘alabaga erishadi. Keyinchalik afrikaliklar chorak finalgacha yetib borib, Kamerundan keyin bu bosqichga chiqqan ikkinchi Afrika jamoasiga aylandi.
Germaniya – Braziliya 7:1 (2014)
2014 yilgi Jahon chempionatining mezboni bo‘lgan Braziliya uchun turnir chempionligi katta orzu edi. Millionlab muxlislar o‘z yurtida oltinchi chempionlik nishonlanishini intiqlik bilan kutayotgandi va bunga yaqin ham edi, mamlakat terma jamoasi musobaqaning yarim finaliga qadar yetib keldi. Biroq Germaniyaga qarshi bahs futbol tarixidagi eng shov-shuvli natijalardan biriga aylandi. Jarohat olgan Neymar va diskvalifikatsiya qilingan Tiago Silvasiz qolgan braziliyaliklar o‘yinni juda og‘ir boshladi. 11-daqiqada Germaniya hisobni ochdi. Keyin esa, haqiqiy halokat boshlandi. 23 va 29-daqiqalar oralig‘ida nemislar to‘rt marta gol urdi. Natijada yarim soat ham o‘tmay hisob 5:0 ko‘rinishiga keldi.
Ikkinchi bo‘limda ham Germaniya yana ikki bor gol urdi. Braziliya esa, faqat bahs oxirida bitta javob golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 7:1 hisobi Braziliya futboli tarixidagi eng og‘ir mag‘lubiyatlardan biri bo‘lib qoldi. Bu uchrashuv mamlakatda “Mineyrau fojiasi” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Niderlandiya – Ispaniya 5:1 (2014)
2014 yilgi Jahon chempionatining yana bir katta sensatsiyasi Van Gal boshchiligidagi Niderlandiyaning amaldagi jahon chempioni Ispaniyani yirik hisobda mag‘lub etishi bo‘ldi.
2010 yilgi final ishtirokchilari bu gal guruh bosqichida yana bir bor o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv boshida hammasi Ispaniya rejasi bo‘yicha ketayotgandek ko‘rindi. Xabi Alonso penaltidan hisobni ochdi.
Biroq birinchi bo‘lim oxirida Robin van Persi futbol tarixidagi eng go‘zal gollardan birini kiritdi. U jarima maydoni tashqarisidan boshi bilan darvoza to‘rini ishg‘ol qildi. Bu gol keyinchalik turnirning ramzlaridan biriga aylandi.
Ikkinchi bo‘limda gollandlar raqibni butunlay tor-mor etdi. Aren Robben va uning hamkasblari yana 4 ta gol urib, Ispaniyani 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu amaldagi jahon chempionlarining mundiallardagi eng og‘ir mag‘lubiyatlaridan biri bo‘lib qoldi.
Janubiy Koreya – Germaniya 2:0 (2018)
2018 yilgi Jahon chempionatida amaldagi chempion Germaniya guruh bosqichida muammolarga duch keldi. So‘nggi tur oldidan nemislarga pley-offga chiqish uchun Janubiy Koreyani mag‘lub etish kifoya edi. Koreyaliklar esa ikki mag‘lubiyatdan so‘ng deyarli barcha imkoniyatlarini yo‘qotgan holda maydonga tushdi. Uchrashuv uzoq vaqt davomida golsiz kechdi va ko‘pchilik Germaniya baribir g‘alaba golini kiritadi deb oxirigacha ishondi. Biroq qo‘shimcha vaqtda sensatsiya ro‘y berdi. 92-daqiqada Kim Yon Gvon hisobni ochdi. Germaniya bor kuchini hujumga tashladi, hatto darvozabon Manuel Noyer ham raqib yarm maydoniga o‘tib ketdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Son Xin Min bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Bu natija Germaniyani musobaqadan chiqarib yubordi. Nemislar 1938 yildan beri birinchi marta Jahon chempionati guruh bosqichidan o‘ta olmadi.
Saudiya Arabistoni – Argentina 2:1 (2022)
2022 yilgi Qatar mundialidagi eng katta sensatsiya Saudiya Arabistonining Argentina ustidan qozongan g‘alabasi bo‘ldi. Lionel Messi boshchiligidagi argentinaliklar turnirga 36 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya bilan kelgan va chempionlik uchun asosiy favoritlardan biri sanalgandi.
O‘yin kutilganidek boshlandi. 10-daqiqada Messi penaltidan hisobni ochdi va hammasi Argentina uchun oson kechayotgandek ko‘rindi. Biroq ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan o‘yin butunlay o‘zgardi. 48-daqiqada Soleh ash-Shehri hisobni tenglashtirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib esa, Salem ad-Davsari ajoyib gol urib, Saudiya Arabistonini oldinga olib chiqdi.
Qolgan vaqtda saudiyaliklar qahramonona himoyalanib, tarixiy g‘alabani saqlab qolishdi. Garchi Argentina keyinchalik chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, bu bahs mundiallar tarixidagi eng yirik sensatsiyalardan biri sifatida muhrlandi.
Yuqorida eslab o‘tilgan voqealar shuni ko‘rsatadiki, futbolda nomlar, reytinglar va yulduzlar tarkibi har doim ham hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Mundial sahnasida ba’zan bir gol, bir xatolik, bir qahramonlik yoki bir jasur jamoa butun dunyo kutgan ssenariyni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shuning uchun ham Jahon chempionati nafaqat eng nufuzli futbol musobaqasi, balki eng kutilmagan natijalar kuzatiladigan turnir sifatida qadrlanadi.
Ayniqsa, kichik deb hisoblangan terma jamoalarning katta favoritlarga qarshi jasorat bilan harakat qilishi Jahon chempionatining betakror jozibasini yaratadi. Chunki bu turnirda ba’zan bir mamlakatning butun futbol tarixi bitta o‘yin ichida o‘zgarib ketishi mumkin. Sensatsiyalar nafaqat natija, balki yangi qahramonlar, yangi avlodlar va yangi orzularni ham tug‘diradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ana shunday orzular bilan o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvi oldida turibdi. Favoritlar qatorida bo‘lmasligi mumkin, ammo Mundial tarixi shundan dalolat beradiki, katta natija qayd etish uchun har doim ham eng kuchli jamoa bo‘lish shart emas. Tarixdagi eng mashhur sensatsiyalarning aksariyati ham aynan hech kim ishonmagan paytda sodir bo‘lgan.
Shu bois, O‘zbekistonning ilk Jahon chempionati nafaqat ishtirok etish, balki o‘z sahifasini yozish imkoniyatidir. Balki yillar o‘tib, bugungi musobaqa haqida gap ketganda, dunyo futbol muxlislari eng yorqin sensatsiyalar qatorida o‘zbek futboli haqida ham so‘z yuritar.
Live
Barchasi