Ko‘p tadbirkor emas, balki o‘sa oladigan kompaniyalar kerak – Umidbek Safarov

Biznes

image

O‘zbekistonda bugun tadbirkor bo‘lish 10 yil avvalgiga qaraganda ancha oson, lekin hali “biznes qilish oson bo‘lgan mamlakat” degan darajaga to‘liq yetganimiz yo‘q. Eng muhimi, muammoni endi faqat “tadbirkorga erkinlik berilmayapti” deb tushuntirish kamlik qiladi. Bugungi bosqichda asosiy masala – tadbirkorga o‘sish imkoniyatini berishdir. Bu fikrlar so‘nggi vaqtlarda soliq ma’murchiligi va tadbirkorlik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflari bilan biznes hamjamiyatida faol o‘rin tutib kelayotgan Umidbek Safarovga tegishli.

Har yili avgust oyida an’anaviy ravishda tashkil etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvi oldidan QALAMPIR.UZ “United Tax Advisors” soliq maslahati tashkilotining asoschisi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Umidbek Safarov bilan suhbatlashdi.

Ko‘p yillik tajribaga ega ekspert bilan muloqotimiz davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi, biznes muhitidagi transformatsiyalar, arzon moliyalashtirish va kadrlar muammosi, shuningdek, JSTga qo‘shilish hamda sun’iy intellekt davrida kutilayotgan yangi trendlar va xavflar haqida bo‘ldi.


 
“Biznes qilsa bo‘lar ekan”: Tekshiruvlar, soliq va litsenziyalardagi asosiy yengilliklar

Agar oxirgi o‘n yillikni sarhisob qilsak, eng muhim qadamlardan biri bu – valyuta kursining erkinlashtirilishi va davlatning biznesga aralashuvi keskin kamaygani bo‘ldi.

Demak, eng asosiy o‘zgarishlarni ketma-ket tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchidan, davlatning biznesga aralashuvi keskin kamaydi. 2017 yildan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan rejadan tashqari tekshiruvlar va ayrim muqobil tekshiruvlar bekor qilindi. Bu tadbirkorni nazorat qiluvchi organlar bosimidan himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi.

Ikkinchidan, litsenziya va ruxsat berish tartiblari soddalashtirildi. 2017–2018 yillardan boshlab “yagona darcha” tamoyili, elektron xizmatlar va “litsenziya” axborot tizimi joriy etildi. Ko‘plab litsenziya va ruxsatnomalar qisqartirildi. Misol uchun, ulgurji savdo faoliyati uchun litsenziya bekor qilindi, ularni olish muddatlari soddalashtirildi. 2018 yilda esa litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarini yanada qisqartirish bo‘yicha keng choralar belgilandi.

Uchinchidan, soliq ma’murchiligi elektronlashtirildi, hisobotlar soddalashtirildi, tadbirkorlarga nisbatan ortiqcha tekshiruvlar qisqartirildi. Rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar bekor qilindi, Tahlika-tahlil dasturi asosida tekshiruvlar yo‘lga qo‘yildi, risk summasiga qarab ayrim korxonalarda tekshiruvlar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Qolversa, soliq yukini kamaytirish siyosati boshlandi. Bu biznesning “yashirin” faoliyatidan ko‘ra, rasmiy ishlashini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim o‘zgarish edi.

To‘rtinchidan, kichik biznes uchun shartlar yanada yengillashtirildi. 2026 yil 1 iyuldan kichik biznesning o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan QQSga majburiy o‘tishning 1 mlrd so‘mlik chegaraviy miqdori 5 mlrd so‘mga oshirildi, savdo, xizmat va umumovqatlanish faoliyati uchun soddalashtirilgan 6 foizliq QQS joriy qilindi.

Tadbirkorlar taklifi qonunga aylanmoqda

Prezident bilan tadbirkorlar uchrashuvi tufayli davlat miqyosida tadbirkorlarning dardini va takliflarini bevosita eshitadigan muhim platforma yuzaga keldi. Eng asosiysi, bu yerda ko‘tarilgan masala va takliflar tez orada o‘z yechimini topa oldi hamda tadbirkorlar o‘z fikr va mulohazalarini emin-erkin ayta boshlashdi.

Muayyan misollar bilan aytadigan bo‘lsam, avvalambor, bizda asosan soliq sohasi va tadbirkorlik yuritishga oid qonunchilikdagi ziddiyatlar, shuningdek, soliq ma’murchiligida biznesga salbiy ta’sir qilayotgan holatlarni bartaraf qilish bo‘yicha berib kelayotgan takliflarimiz muntazam qabul qilinib kelinmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligi uchun hujjatsiz kirim qilish va QQSni nol stavkada qo‘llash, avtokameral tekshirishdagi muammolar hal etildi.
Bundan tashqari, ushbu muloqotlar doirasida tizimli o‘zgarishlar amalga oshirildi. QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi va natijada tadbirkorlar ixtiyorida 6 trln so‘mga yaqin mablag‘ qoldi.

2023 yilga kelib tadbirkorlikka kirishni qiyinlashtirgan 119 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi yoki xabar berish tartibiga o‘tkazildi.

2023 yilning birinchi yarmida soliq to‘lovchilar faoliyatidagi tekshiruvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi. Bu ochiq muloqotlarda juda ko‘p ko‘tarilgan “tekshir-tekshir” muammosiga berilgan amaliy javob bo‘ldi.

Eksportchilarga QQSni 7 kun ichida tez qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu kabi yengilliklar sababli eksportchi korxonalar soni 4,5 mingtadan 7,2 mingtaga, eksport mahsulotlari turi esa 1,5 mingtadan 3 mingtaga yetdi.

Tadbirkorlikni oson deyish – nodonlik

Tadbirkorlikni oson deb o‘ylashning o‘zi bir nodonlik. Sababi, tadbirkor bor-budi bilan, kerak bo‘lsa qarzga kirib ham biznes yuritadi va bordi-yu kasod bo‘lsa, hamma narsadan bir zumda ayriladi. E’tibor bering, shuncha xavf-xatar bilan hamma ham maydonga chiqishga jur’at qilolmaydi. Men bu o‘rinda 100-200 mln so‘mga narsa olib sotishni emas, yirik va katta loyihalarni nazarda tutyapman.

Tadbirkorlarga eng asosiysi – yo‘lini ochish, iloji boricha ishiga aralashmaslik kerak. Bordi-yu xato qilgudek bo‘lsa, uni tekshirib, moliyaviy jarima va har xil sanksiyalarni qo‘llamasdan, kechirib, kamchiliklarini bartaraf qilishiga imkon yaratilsa, O‘zbekistonda tadbirkorlik gullab, biznes muhiti bundanda ancha yaxshilangan bo‘lardi.

Menimcha, O‘zbekistonda bugun tadbirkor bo‘lish 10 yil avvalgiga qaraganda ancha oson, lekin hali “biznes qilish oson mamlakat” degan darajaga to‘liq yetganimiz yo‘q. Eng muhimi, muammoni endi faqat “tadbirkorga erkinlik berilmayapti” deb tushuntirish kamlik qiladi. Bugungi bosqichda asosiy masala – tadbirkorga o‘sish imkoniyatini berishdir.

Agar “Tadbirkorlarda nima yetishmayapti?” degan masalani tahlil qilsak: eng katta muammo – arzon va uzoq muddatli moliya. Bu, menimcha, birinchi muammo.

Jahon bankining 2025 yilgi bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesning kreditga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 13 mlrd dollar, mavjud moliya bilan ehtiyoj o‘rtasida esa 6 mlrd dollarlik tafovut bor. Kichik korxonalarning faqat 10 foizi kredit olish imkoniga ega ekanini bildirgan. Ya’ni tadbirkorda g‘oya, bozor va mijoz bor, lekin “ikkinchi sexni qanday ochaman?”, “uskunani qayerdan olaman?” degan savol qolmoqda.

Ikkinchidan, garovsiz kredit olish imkoniyati yetishmayapti. Bank hali ham ko‘p hollarda “qanday biznes qilasiz?”dan ko‘ra “qanday garov qo‘yasiz?” deb so‘raydi. Jahon banki ham yuqori garov talablari, moliyaviy ma’lumotlarning yetarli emasligi va moliyaviy mahsulotlar tanlovining cheklanganini biznesni moliyalashtirishdagi to‘siqlar sifatida ko‘rsatmoqda.

Uchinchidan, adolatli raqobat muhiti. Tadbirkor uchun eng og‘ir vaziyat – raqobatchining kuchliligi emas, qoidalarning hammaga bir xil ishlamasligidir. Davlat korxonalarining ayrim bozorlardagi ustunligi, monopoliyalar va norasmiy sektor bilan raqobat masalasi hali dolzarb. Jahon banki ham davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va raqobat muhitini kuchaytirishni asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatgan.

To‘rtinchidan, sifatli kadrlar yetishmayapti. Tadbirkor “odam topolmayapman” degan muammoga tobora ko‘proq duch kelmoqda. 2024 yilgi World Bank Enterprise Survey ma’lumotlarida korxonalarning 7,6 foizi yetarlicha bilimli ishchi kuchining yo‘qligini asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatgan. Bu yerda gap faqat oddiy ishchi haqida emas – yaxshi buxgalter, texnolog, marketolog, sotuvchi, IT mutaxassisi va o‘rta bo‘g‘in menejerlari yetishmayapti.

Beshinchidan, elektr, logistika va infratuzilma masalasi. Ayniqsa hududlarda biznes uchun elektr energiyasi, transport va logistika xarajatlari jiddiy masala bo‘lib qolmoqda. 2024 yilgi so‘rovda elektr ta’minoti 10,1 foiz korxona uchun eng katta operatsion to‘siq sifatida qayd etilgan.

Oltinchidan, biznesni boshqarish madaniyati. Bu davlatga emas, tadbirkorning o‘ziga bog‘liq muammo. Ko‘p bizneslar hali ham egasining shaxsiy mehnatiga qattiq bog‘langan: egasi bo‘lmasa, sotuv tushadi, hisob-kitob tizimi yo‘q, moliyaviy reja yo‘q, brend va marketing sust. Shuning uchun bizga shunchaki “ko‘p tadbirkor” emas, balki “o‘sa oladigan kompaniyalar” kerak.

Va yettinchidan, qiziq jihati – soliq hali ham asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. 2024 yilgi World Bank Enterprise Survey’da tadbirkorlardan biznesga eng katta to‘siq so‘ralganda, 16,5 foiz soliq stavkalarini, 10,5 foiz moliyaga kirishni, 10,1 foiz elektr ta’minotini va 8,4 foiz korrupsiyani ko‘rsatgan. Shuning uchun “soliq masalasi hal bo‘ldi” deyishga hali erta. Lekin muammo endi faqat soliq stavkasining balandligi emas – soliq tizimining barqarorligi va uning tadbirkor uchun qanchalik prognoz qilina olishi ham muhimdir.

Tadbirkorlikni rivojlantirishning 5 yo‘li

Nazariyada ham tan olingan va amaliyotda ham o‘z isbotini topgan yagona formula bor – bu “Mulk daxlsizligi va Qonun ustuvorligi”ni ta’minlashdir.
Mulk daxlsizligi nima degani? Bu – sizni ishingizga aralashmaslik, har xil jarimalar bilan mulkingizni olib qo‘ymaslik yoki qonun o‘zgarishi sababli mulkingiz kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik va hokazo. Qonun ustuvorligi esa sud-huquq tizimi odil ishlashi va qonun hammaga bir xil talqin qilinishidir.

Katta-kichikligidan qat’i nazar, huquq buzildimi – u joyiga tiklanishi darkor.

Menimcha, keyingi bosqichda Hukumatning vazifasi “tadbirkorga yana qanday imtiyoz berish kerak?” degan yondashuvdan asta-sekin “bozorga davlatning o‘zi qancha kamroq aralashsa, shuncha yaxshi” degan tamoyilga o‘tish bo‘lishi kerak. Bu ayniqsa muhim, chunki Jahon bankining 2025 yilgi tahlili O‘zbekistonda xususiy sektor o‘sishi uchun asosiy to‘siqlar sifatida davlat korxonalarining katta ulushi, raqobatdagi buzilishlar, moliyaga kirish, infratuzilma va inson kapitali masalalarini ko‘rsatgan.

Agar Hukumat tomonidan tashlanishi kerak bo‘lgan muhim qadamlarni ketma-ket tahlil qilsak:

Birinchidan, soliq siyosatida “barqarorlik”ni birinchi o‘ringa qo‘yish zarur. Tadbirkor uchun soliqning o‘zi qanchaligi muhim, lekin ertaga qoida o‘zgarib ketmasligi undan ham muhimroq. Shuning uchun men kamida 3–5 yil oldindan ma’lum bo‘lgan soliq siyosati tamoyilini kuchaytirgan bo‘lardim. Tadbirkor investitsiya qilayotganda “kelasi yili soliq rejimi qanday bo‘ladi?” deb xavotir olmasligi kerak.

Ikkinchidan, bank kreditidan ko‘ra, kapital bozorini rivojlantirish lozim. Bizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash deganda ko‘pincha “bankdan kredit olish” tushuniladi, lekin bu yetarli emas. Tadbirkorga venchur kapitali, xususiy investitsiya fondlari, korporativ obligatsiyalar, aksiya bozori, lizing, faktoring va kredit kafolatlari kabi muqobil moliyalashtirish manbalari kerak. Ayniqsa kichik va o‘rta biznes uchun garovsiz yoki minimal garovli moliyalashtirish mexanizmlarining rivojlanishi zarur. Jahon banki ham O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesning moliyaga kirishini kengaytirish va muqobil moliyalashtirish manbalarini rivojlantirishni muhim vazifa sifatida ko‘rsatmoqda.

Uchinchidan, elektr, gaz, transport va logistikani haqiqiy bozorga o‘tkazish kerak. Bu juda og‘riqli, lekin zarur masala. Biznes uchun elektr energiyasi, gaz, temir yo‘l va logistika xarajatlari mahsulot tannarxiga bevosita ta’sir qiladi. Jahon banki O‘zbekiston infratuzilmasini, xususan elektr va transport tizimlarini modernizatsiya qilish biznes xarajatlarini pasaytirish uchun muhimligini ta’kidlamoqda. Bu yerda maqsad – davlat narxni sun’iy ravishda past ushlab turishi emas, balki raqobatni yaratib, xizmat sifatini oshirish va narxni bozor mexanizmlari orqali shakllantirishdir. Albatta, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish alohida mexanizm orqali amalga oshirilishi kerak.

To‘rtinchidan, eksport qiladigan bizneslar sonini keskin ko‘paytirish zarur. O‘zbekistonda ichki bozor katta, lekin uzoq muddatli o‘sish uchun eksportga chiqadigan xususiy kompaniyalar soni ortishi kerak. Buning uchun tadbirkorga eksport sertifikatlari, xalqaro standartlar, logistika, eksport sug‘urtasi, valyuta operatsiyalari, tashqi bozor haqida ma’lumot va xalqaro marketing bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishi lozim. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda savdo hajmining iqtisodiyotga nisbati sezilarli oshgan bo‘lsa-da, firmalarning faqat taxminan 6 foizi eksport qiladi. Demak, eksportga chiqish salohiyatimiz hali juda katta.

Va beshinchidan, “tekshiruvchi davlat” konsepsiyasidan “xizmat ko‘rsatuvchi davlat”ga o‘tish shart. Tadbirkor har bir ishi uchun 5–10 ta idoraga borib, hujjat olib yurmasligi kerak. Prinsip juda oddiy: davlatda mavjud ma’lumotni davlatning o‘zi oladi va tadbirkordan qayta-qayta so‘ramaydi. Buning uchun barcha litsenziya, ruxsatnoma, subsidiya, soliq, kadastr, bojxona va boshqa jarayonlarni maksimal darajada “bir darcha” va avtomatik qaror qabul qilish tizimiga o‘tkazish zarur.

Eng qimmat resurs pul emas, kadr bo‘ladi

O‘zbekistondagi tadbirkorlik va xususiy sektor haqida gap ketganida, yaqin 3–5 yilda men eng katta o‘zgarishlarni bir vaqtning o‘zida ham ulkan imkoniyat, ham jiddiy xavf sifatida ko‘raman.

Biznes muhitida kutilayotgan asosiy trend va xavf-xatarlarni quyidagicha ko‘rsatish mumkin:

Raqobat keskin kuchayadi. Davlat korxonalarini xususiylashtirish, monopol tarmoqlarni liberallashtirish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilish jarayoni davom etsa, xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga yanada ko‘proq kirib keladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, JSTga qo‘shilish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar 2026 yilda yakuniga yetishi kutilmoqda. Demak, mahalliy bizneslar endi faqat ichki raqobatga emas, global standartlarga ham tayyor turishi shart.

Raqamlashtirish va sun’iy intellekt (AI) biznes modelini tubdan o‘zgartiradi. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va raqamli savdo ko‘plab sohalarni qamrab oladi. Buxgalteriya, marketing, mijozlar bilan ishlash, logistika, tahlil, dasturlash kabi vazifalarning bir qismi jadal avtomatlashadi. Bu yerdagi eng katta xavf – texnologiyani joriy qilmagan kompaniyalar raqobatda orqada qolib ketganini sezmay ham qoladi. Shuning uchun tadbirkor uchun endi “AI’dan foydalanish kerakmi?” degan savol emas, balki “AI’ni qaysi jarayonga birinchi bo‘lib joriy qilaman?” degan savol birinchi o‘ringa chiqadi.

Energiya narxi va energiya ta’minoti masalasi. Energetika islohotlari biznes xarajatlariga bevosita va jiddiy ta’sir qiladi. Energiya tariflari 2025 yilda xarajatlarni qoplash darajasiga yaqinlashtirildi. Bu bozor mexanizmlariga o‘tish nuqtai nazaridan juda muhim va to‘g‘ri qadam, lekin energiyani ko‘p iste’mol qiladigan korxonalar uchun xarajat bosimini keskin oshirishi tabiiy. Shu sababli energiya samaradorligi, quyosh energetikasi va energiya tejovchi texnologiyalar keyingi yillarda shunchaki shuhrat uchun qilingan “yashil loyiha” emas, balki biznesning omon qolish va raqobat ustunligiga aylanadi.

Kadrlar uchun kurash keskin kuchayadi. Menimcha, yaqin 3–5 yilda tadbirkorlar uchun eng qimmat va tanqis resurs pul emas, aynan sifatli mutaxassis bo‘ladi. Ayniqsa IT, muhandislik, moliya, sotuv, marketing, texnologlar va boshqaruv bo‘yicha kuchli kadrlarga talab ortib boradi. Demak, kompaniyalar eskicha “xodim yollash” yondashuvidan asta-sekin “xodimni o‘z ichida tayyorlash va uni ushlab qolish” modeliga o‘tishga majbur bo‘ladilar.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing