Ko‘mir konida portlash sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
31 iyul 4108 2 daqiqa
Kecha, 30 iyul kuni Pokistonning Balujiston viloyatidagi ko‘mir konida portlash sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida kamida 32 nafar konchi halok bo‘ldi, yana 10 nafari yer ostida qolmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qutqaruvchilar ularni qidirishda davom etmoqda, biroq rasmiylar ularning omon qolish ehtimoli juda past ekanini bildirgan. Balujiston viloyati kon inspeksiyasi vakili G‘ani Balochning aytishicha, hodisaga shaxtada metan gazining to‘planib qolishi sabab bo‘lgan.
Portlashdan bir necha soat o‘tib qutqaruvchilar yetti nafar konchining jasadini topgan. Keyinchalik yana 25 nafar halok bo‘lgan ishchining jasadi olib chiqilgan. Hozirda yer ostida qolgan konchilarni qidirish va qutqarish ishlari davom etmoqda.
Balochning ta’kidlashicha, barcha konchilar topilmaguncha qutqaruv amaliyoti to‘xtatilmaydi. Shuningdek, u qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini ham qayd etgan.
“Metan gazi portlagandan keyin tirik qolganlarni topish ehtimoli keskin kamayadi, chunki shaxtadagi kislorod miqdori deyarli nolga tushadi. Shu bois qutqaruvchilar ham juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda“, degan u.
Rasmiylar halok bo‘lganlarning jasadlarini yaqinlariga topshirayotganini, yer ostida qolgan ishchilarning qarindoshlari esa xavotir bilan yangilik kutayotganini ma’lum qilgan.
Balujiston viloyati konlar va foydali qazilmalar vaziri Shoaib Noshervani qutqaruvchilar o‘ta og‘ir sharoitlarda ishlayotganini aytib, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hukumati portlashda halok bo‘lgan har bir konchining oilasiga 500 ming Pokiston rupiyasi (taxminan 1 800 AQSH dollari) miqdorida kompensatsiya to‘laydi. Shuningdek, portlash sabablari yuzasidan batafsil tergov o‘tkazilishi hamda konlardagi xavfsizlik choralari qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.
Pokiston Markaziy konchilar mehnat federatsiyasi hodisaga mas’ullarning ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan. Kasaba uyushmasi hukumatni kon xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishini nazorat qilish va ularni buzayotgan kompaniyalarga nisbatan keskin choralar ko‘rishga undagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy shimolida joylashgan ko‘mir konida yuz bergan portlash oqibatida 82 kishi halok bo‘lib, yana 9 kishi bedarak yo‘qolgan edi.
Live
Barchasi