Ko‘kdaladagi “zapravka”da yana portlash bo‘ldi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 5 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shaxobchalaridan birida yana portlash bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat bo‘yicha ma’lumot berdi. 

Bildirilishicha, kecha, 5 avgust kuni soat 22:20 da Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani, “Oltin dala”  MFYda joylashgan avtomobillarga gaz quyish shaxobchasi hududida propan suyultirilgan gaz tashuvchi avtotsisternadan propan saqlash rezervuariga yoqilg‘i to‘kish vaqtida chaqnash sodir bo‘lib,  yong‘in kelib chiqqanligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 22:22 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 22:30 da qurshab olingan va soat 22:50 da o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida 1 ta avtotsisterna va 10 kub propan suyultirilgan gaz saqlash rezervuari yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida avtotsisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan. Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFYda joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgan va buning oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Ushbu halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga 100 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259- (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Maqola muallifi

Teglar

Yong'in Qashqadaryo Ko'kdala

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing