Kuchlilar har doim ham haq bo‘lavermaydi – AQSH elchisi o‘zbekistonliklarga siyosiy tabrik yo‘lladi
Olam
−
21 mart 2022
27731Biz farzandlarimizga shunday farovon kelajak qoldirishimiz kerakki, unda kuchlilar har doim ham haq bo‘lavermaydi. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Deniyel Rozenblyumning Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston yo‘llagan tabrigida aytiladi.
AQSH elchisining umumxalq bayramlarida o‘zbekistonliklarga tabrik yo‘llashi an’anaga aylangan. Uning galdagi tabrigi avvalgilariga nisbatan ancha siyosiy ko‘rinishga ega. Jumladan u shunday deydi:
“Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan barchangizni bahor bayrami – Navro‘z bilan tabriklayman. O‘zbekistonga bahor kelar ekan, ob-havo va tabiat yanada go‘zallashib ketadi. Bu esa bahor kelganini bayram qilish uchun juda qulay fursatdir.
O‘tgan yili Navro‘zdan keyingi davr murakkab kechdi. Juda ko‘p odamning kasal bo‘lgani, juda ko‘pchilik zo‘ravonlik va shafqatsizlik qurboniga aylangani dilimizni xira qildi. Ammo biz farzandlarimizga farovon kelajak barpo etish uchun ishlashda davom etishimiz shart. U mustahkam sog‘lik va tinch hayot kechiriladigan kelajak bo‘lmog‘i kerak. U xalqlar va millatlar bir-birini hurmat qiluvchi kelajak bo‘lishi lozim. U shunday bir kelajakki, unda kuchlilar har doim ham haq bo‘lavermaydi.
Navro‘z ruximizga tiniqlik baxsh etadi. Men bayramni nishonlash uchun park va boshqa jamoat joylariga ketayotgan odamlarni uchrataman. Ular mazali sumalak pishirishadi, o‘z do‘stlari va yaqinlari bilan turli bahoriy o‘yinlar o‘ynashadi. O‘zim tog‘lar bag‘riga chiqib, chiroyli bodom gullaridan zavqlanishni reja qilmoqdaman. Barchangizga sog‘lik, davomiy tinchlik va mo‘’jizalarga boy bahor tilayman. Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin”.
LiveBarchasi