Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qo‘lbola usulda qadoqlab, tarqatgan jinoiy guruh ushlandi 

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan dala hovlida katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi tezkor-qidiruv departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1997 va 2003 yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs Bo‘stonliq tumani hududidagi dala hovlida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qo‘lbola usulda qadoqlash bilan shug‘ullanib kelgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda manzildan 13 kg 500 gramm (45 ming dona) “Pregabalin” hamda 20 litr (2 ming dona) “Tropikamid” moddalari, shuningdek 60 ming dona atrofida “Tropikamid” va “Pregabalin” dori vositalarining bo‘sh kapsula hamda flakonlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, tadbir davomida qora dorilarni yetkazib beruvchi 1998 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki nafar kurerlar Nexia 3 rusumli avtomashinada Toshkent shahri Yashnobod tumani hududida ketayotgan vaqtida ushlangan. Haydovchining yonidan 10 dona “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilgan.

Bildirilishicha, ushlangan shaxslar Telegram messenjerida tashkil etilgan kanalda “dori vositalarini qadoqlovchi” va “yetkazib beruvchi” sifatida ishlayotgani ma’lum bo‘lgan.

“O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan 4 nafar shaxsdan 3 mlrd 300 mln so‘mlik jami 13 kg 500 gramm (45 ming dona) “Pregabalin” va 20 litr (2 ming dona) “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi. Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 251 prim 1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabar so‘ngida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda giyohvand moddalarni yashirincha olib o‘tayotgan yuk mashinasi aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bo'stonliq tumani kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing