Olti hududda “tabletka” savdogarlari ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahri, Andijon, Qashqadaryo viloyatlari hamda boshqa hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi. Tezkor tadbirlar davomida gumon qilingan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Mirobod tumanida departamentning tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro M.O‘. xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 1 200 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro S.P.ga 1 200 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Andijon viloyatida o‘tkazilgan tadbirda esa fuqaro Sh.I. 17 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaroga 400 AQSH dollari va 1 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Shahrixon tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro R.M. ushlangan. U fuqaroga 89 dona “Tropikamid”ni 25 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davomida undan qo‘shimcha ravishda yana 44 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan. Tezkor tadbirda Respublika tez tibbiy yordam markazining Kasbi tumani tez tibbiy yordam chaqiruv brigadasi feldsheri A.R. fuqaro S.N.ga 60 dona “Gabaten” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bektemir tumanida esa “Sharq” YPX maskanida shubha ostiga olingan fuqaro M.O. boshqaruvidagi BYD SONG rusumli avtomobil to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Muqaddam sudlangani aytilgan M.O.ning avtomobili salonidan 55 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Olmaliq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro G.F. 40 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, Mirobodda 1 200 dona, Andijonda 17 dona, Shahrixonda 89 dona va qo‘shimcha 44 dona, Qashqadaryoda 60 dona, Bektemirda 55 dona hamda Olmaliqda 40 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 11 671 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing