Ko‘chalariga ham konditsioner o‘rnatilgan davlatga O‘zbekistondan aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi
Biznes
−
22 avgust 2023
50883Endi Toshkentdan Qatar poytaxti Doha shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviyareys orqali borish imkoniyati mavjud. Kecha, 21 avgust kuni Toshkent – Doha yo‘nalishida ilk parvoz amalga oshirildi. Mazkur jarayonga QALAMPIR.UZ bevosita guvohi bo‘ldi va uni kadrlarda muhirladi.
Qayd etilishicha, bu aviaqatnovlar EASYBOOKING hamda Centrum Air kompaniyalari hamkorligida amalga oshiriladi. 2008 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan EASYBOOKING kompaniyasi aviachiptalarni sotib olish, turlar va transferlarni tashkil etish, mehmonxonalarni oldindan bron qilish kabi zamonaviy xizmat turlari bilan shug‘ullanib kelmoqda. O‘zbekiston turizm bozorining yetakchisiga aylangan kompaniya xizmatidan shu paytga qadar 3 milliondan ortiq sayyohatsevarlar foydalangan.
Centrum Air esa O‘zbekistondagi eng yosh va byudjetli aviakompaniya hisoblanadi. U o‘z faoliyatini 2023 yilda boshlagan, biroq shu qisqa vaqt ichida mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda ko‘p parvozlarni amalga oshirgan.
Nega aynan Qatar davlati tanlandi?
Qatar Arabiston yarim orolidagi Fors ko‘rfaziga chegaradosh kichik davlatdir. Mamlakatning umumiy yer maydoni 11,4 ming kilometr kvadratni tashkil qiladi. Iqlimi tropik, quruq bo‘lib, aholisi asosan mahaliy arablardan tarkib topgan.
Qatar sayyohlar uchun eng yaxshi davlatlardan biridir. Cho‘l zonasida joylashganiga qaramay, u yerda suv sporti ancha yaxshi rivojlangan. Shuningdek, bu mamlakat dunyodagi eng uzun – 33 kilometrli velosiped yo‘lagi, sun’iy ravishda hosil qilingan “The Pearl Qatar” oroli, robotlar boshqaruvidagi ot sporti hamda tuyalar poygasi bilan ham mashhur.
“Birinchi bo‘lib aynan Qatarning Doha shahrini tanladik, chunki shahar juda chiroyli. Biz aynan bu shaharda aviyareys ochganimizda odamlar tomonidan bu qadar katta qiziqish bildirilishini o‘ylamagandik. Sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan yana bir tomoni, 2022 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining aynan shu shaharda o‘tkazilganidir”, deydi Centrum Air kompaniyasi vakili.
Haqiqatdan ham 2022 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati dunyo bo‘ylab barcha mamlakatlardan sayyohlarning Qatarga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Poytaxt Doha sayohatchilar uchun qulay bo‘lib, u yerdan dunyoning 150 dan ortiq shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish mumkin. Shopping qilishni yaxshi ko‘radiganlar uchun ham bu davlat juda keng imkoniyatlarni bergan. Qo‘shimcha qiymat hamda daromad solig‘isiz markali buyumlar, oltin va elektrotexnikani arzon narxda sotib olish mumkin.
EASYBOOKING kompaniyasi marketing bo‘limi xodimi Stanislav Tan Yakovlevning aytishicha, aynan Qatar sayyohlarni o‘zining shaharsozligi, arxitekturasi, tabiiy iqlimi bilan sayyohlarni jalb qilib kelmoqda.
“Qatarda hatto ko‘chalari konditsionerlar bilan jihozlangan. Ayniqsa, jahon chempionatidan keyin shahar yanada rivojlandi, ko‘plab restoranlar, mehmonxonalar qurildi. Qatar ancha arzon davlat. Biz kompaniyamiz orqali bu yo‘nalishdagi sayyohlar uchun ancha imtiyozlarni belgilab qo‘yganmiz. Yosh bolalar uchun bepul viza va boshqa imkoniyatlar, turli aksiyalar shular jumlasidan. Aynan shuning uchun biz Centrum Air bilan hamkorlikda Qatar davlatini tanladik”, deydi Stanislav Tan Yakovlev.
Bu yangilik odamlarga qanday imkoniyatlarni beradi?
Kompaniyalar taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Qatarga sayohat narxi 629 AQSH dollaridan boshlanadi. Bu boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ancha arzon. Qatarda O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron viza amal qiladi. Aynan EASYBOOKING hamda Centrum Air kompaniyalari tomonidan tashkil qilingan reyslar orqali yo‘lovchilari uni mutlaqo bepul olishlari mumkin.
“Misol uchun, siz Toshkentning o‘zida bir haftalik sayyohat uchun 550 AQSH dollari sarflashingiz mumkin, lekin biz qariyb shu summaga Qatarni taklif qilyapmiz. Bu orqali siz yangi bir davlatni kashf qilishingiz, yangi ma’lumotlar olishingiz mumkin. Biz nafaqat sizning xavfsiz borib-kelishingiz, balki mehmonxonangizdan tortib, shahar bo‘ylab ekskursiyangiz va boshqa masalalarga ham javobgarmiz. O‘rtacha 4 millionga siz to‘rt yulduzli mehmonxona, nonushta, bepul viza kabi xizmatlardan foydalanishingiz mumkin. Bu kabi arzon tur hali O‘zbekistonda yo‘q, menimcha. Agar siz biz taklif qilayotgan maxsus tur paketlar orqali emas, balki yakka tartibda Qatarga yo‘l olsingiz biz aytgan miqdor bir necha baravar ortishi aniq”, deydi Stanislav Tan Yakovlev.