Kuba inqiroz fonida Fidel Kastro tavalludining 100 yilligini nishonladi
Olam
−
08:23 522 1 daqiqa
Kecha, 13 avgust kuni Kuba inqilob rahbari Fidel Kastro tavalludining 100 yilligini mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy inqiroz sharoitida nishonladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Yubiley tadbirlarida Lotin Amerikasi, Yevropa, Afrika va Osiyoning 60 dan ortiq davlatidan 1,5 mingdan ziyod faollar va hamjihatlik tashkilotlari vakillari ishtirok etgan.
Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel Kastro merosi mamlakatning bugungi muammolarini yengishda ham muhim ekanini ta’kidlagan.
Ayni paytda Kubada iqtisodiy vaziyat og‘irlashgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati yanvar oyida mamlakatga nisbatan neft embargosini joriy qilgan va sanksiyalarni kuchaytirgan. Bu elektr energiyasi tanqisligini yanada kuchaytirib, ayrim hududlarda elektr uzilishlari kuniga 20 soatdan oshishiga olib kelgan. Iyul oyida mamlakat elektr tarmog‘ida uch marta umummilliy uzilish qayd etilgan.
Inqirozga javoban Kuba hukumati iyun oyida xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan 176 ta iqtisodiy choradan iborat paketni tasdiqlagan. Bu choralar mamlakatning Kastro davrida shakllangan sotsialistik iqtisodiy modelidan sezilarli chekinishni anglatishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Fidel Kastro 1926 yil 13 avgustda tug‘ilgan. U 1959 yilgi Kuba inqilobiga rahbarlik qilgan va xalqaro so‘l harakatning eng ta’sirli siyosiy arboblaridan biri bo‘lgan.
Live
Barchasi