“Krokus” rahbari kompaniya faoliyatini davom ettirishini e’lon qildi
Olam
−
25 mart 2024 7918 1 daqiqa
"Crocus Group" prezidenti Aras Agalarov kompaniya Rossiyada bino va inshootlar qurilishi bo‘yicha faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda "Crocus International" kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
"Terrorchilarning maqsadi - vayron qilish. Bizning vazifamiz - bunyodkorlik. Terakt qurbonlarini xotirlab, ishimizni davom ettiramiz", degan Agalarov kecha, 24 mart kuni bergan bayonotida.
Uning ta’kidlashicha, kompaniya fojia oqibatlarini yengib, xalq va mamlakat manfaati uchun xizmat qiladigan inshootlarni yaratishda davom etadi. “Krokus Siti Holl”ni qayta tiklash rejalashtirilgan. U fojia paytida mehmonlar va xodimlarning hayotini saqlab qolgan "professional, aniq va qahramonona" harakat qilgan konsert zali jamoasiga alohida minnatdorlik bildirgan.
Agalarovning eslatishicha, "Crocus Group" Rossiyada yuzlab ob’ektlar, jumladan ulkan va texnologik jihatdan murakkab ob’ektlar – universitetlar, stadionlar, ko‘rgazma pavilonlari qurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq asli Ozarbayjondan bo‘lgan rossiyalik milliarder Aras Agalarov 20 yil ichida bunday terakt ilk bor bo‘lganini bildirgan edi. Uning o‘g‘li, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi, xonanda Emin Agalarov bu terakt uning oilasiga ham ta’sir qilganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi