“Krokus”dagi terakt qatnashchisidan qarindoshlari ham yuz o‘girdi

Olam

image

22 mart kuni Moskvadagi "Krokus Siti Holl" majmuasida 144 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt ijrochilaridan biri hisoblangan Dalerjon Mirzoyevning qarindoshlari ayblanuvchining homilador xotini va ota-onasidan yuz o‘girishdi. Bu haqda kecha, 4 aprel kuni Rossiyaning "News.ru" nashri ma’lum qildi.

Olib borilgan surishtiruv natijalarida ma’lum bo‘lishicha, Mirzoyevning Novosibirskdagi qarindoshlari unga Tojikistondan Rossiyaga kelishiga yordam berishgan. Ular Dalerjonni o‘z xonadoniga ro‘yxatdan o‘tkazib, bir muncha vaqt uyidan joy bergan. Qarindoshlarining aytishicha, terrorchi uch haftadan keyin ko‘chib ketgan.

Moskvada sodir bo‘lgan teraktda Mirzoyevning qo‘li borligini bilgan qarindoshlar, o‘z kvartirasidan boshqa joyga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lganini bildirgan. 

To‘rt farzandi bilan Tojikistonda bo‘lgan Mirzoyevning homilador xotini terakt haqida eshitgach, ahvoli og‘irlashgan. Hozirda u reanimatsiyada. Novosibirskdagi qarindoshlar ayolning ahvoli haqidagi savoliga "yelka qisgan":

“Uning xotini shifoxonadan chiqdimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz. Biz bu oila bilan aloqani uzdik, endi bunday qarindoshlarimiz yo‘q”, degan ular.

Mirzoyevning Tojikistondagi qarindoshlari ham ayol va uning ota-onasining ahvolidan xabardor emasliklarini aytishgan.

“Ularga nima bo‘lganini bilmaymiz va bilishni ham xohlamaymiz”, deb javob bergan jurnalistning savoliga terrorchining yaqinlaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon terrorchilarning millati, vatani, dini bo‘lmasligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

terakt Krokus Citi Holl Dalerjon Mirzoev qarindoshlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing