Kriminogen vaziyat og‘ir hududlarda ma’muriy amaliyot guruhlari ish boshlaydi
Jamiyat
−
14:30
2275O‘zbekistonda kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, kichik inspektor mehnat migrantlari, maktab bitiruvchilari va talabalar bilan ishlaydi. Ichki ishlar organlarida migratsion profilaktika bo‘linmalari, tumanlararo ma’muriy konvoy guruhlari tashkil qilinadi.
Sinov tariqasida kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi profilaktika bo‘linmalarida ma’muriy amaliyot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga oid hujjatlarni o‘rganib, tarkibida ma’muriy huquqbuzarlik bo‘lgan holatlar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unga profilaktika (katta, kichik) inspektorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, probatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritiladi, Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmalarining naryadlari xizmat olib borishi tashkil etiladi.
Natijada – 5 tagacha mahalla mikrohududga birlashtiriladi va jinoyatchilik oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimi yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning mazkur qarori bilan mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo‘l xaritalari hamda 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangandi.