Kriminal avtoritet “Kolya Qirg‘iz” jinoiy guruhi a’zolari qo‘lga olindi
Olam
−
29 Sentabr 6466 2 daqiqa
Qirg‘izistonlik marhum kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhi sobiq a’zolari ushlandi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu 3 shaxs buzg‘unchi siyosiy kuchlar bilan respublikada mintaqalararo vaziyatni beqarorlashtirish, hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga urinish bo‘yicha provokatsion videolavha tayyorlagan. Shuningdek, ular tadbirkorning katta miqdordagi pulini o‘g‘irlagan.
Qayd etilishicha, videoni tashkil qilish va tayyorlashda ishtirok etganlarning barchasi aniqlangan. Hozirda tegishli tergov-tezkor tadbirlari davom ettirilmoqda.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni qo‘zg‘atishga (nifoq) qaratilgan harakatlar, shuningdek, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish va unda ishtirok etish uchun qonun hujjatlarida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadigan jinoiy javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, “pul yuvish”, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
Qayd etish joiz, 2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhi a’zosi qo‘lga olingandi. Xalqaro qidiruvda bo‘lgan, qirg‘izistonlik ushbu shaxs Qozog‘istonning Olmaota shahri chekkasida ushlangan. U 2008 yilda jinoiy guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro janjal paytida sodir etilgan qotillikda gumon qilinmoqda.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi