Kremlning ogohlantirishiga qaramay Germaniya Ukrainaga raketaga qarshi qurol berdi
Olam
−
12 Oktabr 2022 13687 2 daqiqa
Germaniya Ukrainaga va’da qilingan to‘rtta Iris-T SLM havo mudofaa tizimidan birinchisini topshirdi. “Der Spiegel” ma’lumotlariga ko‘ra, bu Germaniyada mavjud bo‘lgan eng zamonaviy havo mudofaa tizimidir.
Iris-T SLM zenit-raketa tizimi (ZRT) uchta transport vositasidan iborat: harbiy yuk mashinasidagi ishga tushirish uskunasi, radar apparati va qo‘mondonlik mashinasi. Zenit raketalari 20 kilometr balandlikdagi va 40 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba bera oladi.
Germaniya kansleri Olaf Shols ZRT yetkazib berilishini iyun oyida e’lon qildi, biroq birinchi qurilma noyabr oyidan oldin Ukrainaga jo‘natilmasligi taxmin qilingandi. Biroq oktyabr oyi boshida Germaniya Mudofaa vaziri Kristin Lambrext Odessaga tashrifi chog‘ida nemis havo hujumidan mudofaa tizimining birinchi partiyasi Ukrainaga “yaqin kelajakda” berilishini aytdi.
Qolgan uchta tizim 2023 yilda Ukrainaga beriladi. Aniq sanalar hali ma’lum emas.
Sentyabr oyi oxirida Ukraina AQSHdan NASAMS havo mudofaa tizimlarini oldi. Bu tizimlar 40-50 kilometr radiusda va 15 kilometrdan ortiq balandlikdagi nishonlar uchun ishlaydi. Ular qanotli va ballistik raketalarni, dronlarni va samolyotlarni urishi mumkin.
Avvalroq Germaniya Ukrainaga bir necha kun ichida avval va’da qilingan to‘rtta zamonaviy o‘rta masofaga mo‘ljallangan IRIS-T SLM Infra Red Imaging System Tail havo mudofaa tizimidan birinchisini yetkazib berishini e’lon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 14 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan. Portlash oqibatida oltita avtomobil vayron bo‘lgan, yana 15 tasi zarar ko‘rgan. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Hujum ortidan AQSH Jo Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilishiga va’da berdi.
AQSH va Germaniyaning raketaga qarshi qurol yetkazib berish haqidagi bayonoti ortidan Kreml vakili Dmitriy Peskov bunday vositalarning yetkazib berilishi Ukrainaning azoblarini uzaytirishini, ammo Rossiya o‘z maqsadlariga har qanday sharoitda ham yetishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi