Kremlda bo‘lgan Pashinyan Putin bilan nimalar haqida gaplashdi?

Olam

image

Bugun, 12 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan joriy yil hisobiga ko‘ra Moskvada to‘rtinchi marta uchrashuv o‘tkazdi. Ular ikki davlatning o‘zaro munosabatlari va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi. Pashinyan mintaqadagi ziddiyat to‘liq hal etilmaganini ta’kidladi.

“Ittifoqchilar tez-tez uchrashishi, siz aytgandek gaplashishi va soatlarni sinxronlashtirishi juda muhim. Albatta, afsuski, bizning mintaqada hali vaziyat to‘liq barqarorlashgan deya olmaymiz. Siz ta’kidlaganingizdek, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi haligacha hal qilinmadi va aniqki, mojaroni hal qilishda va umuman mintaqamizda xavfsizlikni ta’minlashda Rossiya muhim rol o‘ynaydi, YXHT Minsk guruhining hamraisi hisoblanadi. Albatta, bu masalalarning barchasi juda muhim va men siz bilan butun kun tartibini muhokama qilishdan juda mamnunman”, deya Pashinyanning so‘zlarini keltirdi Kreml Matbuot xizmati.

O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Armaniston Bosh vaziriga quyidagicha javob berdi:

“Biz telefon orqali doimiy aloqadamiz. Lekin, albatta, kerakli natijaga erishish uchun shaxsiy uchrashuv har doim samaraliroq bo‘ladi. Umid qilamanki, bu safar ham shunday bo‘ladi. Biz rasmiy va norasmiy muhitda gaplashamiz – birga tushlik qilamiz, dolzarb masalalarni muhokama qilamiz, istiqbollar haqida gaplashamiz. Yaqinda biz MDHning yana bir sammitini o‘tkazamiz, men ham siz bilan bu sohada va, albatta, o‘zaro munosabatlarimizning asosiy masalalari, shu jumladan mintaqadagi bugungi va uzoq muddatli istiqbolni sinxronlashtirmoqchiman”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi boshida Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro hal qilinmaganini va xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili asosida mintaqa maqomini aniqlash kerakligini aytgandi. 25 sentyabr kuni esa Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari 2020 yil noyabridan buyon birinchi uchrashuvini o‘tkazdi. 1 oktyabr kuniga kelib Armaniston rasmiylari Ozarbayjon bilan chegaralarni demarkatsiya qilishga tayyor ekanliklarini e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro 2020 yil 27 sentyabrda faol jangovar harakatlar boshlanishi bilan keskinlashdi. O‘sha yilning 9 noyabrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan imzolagan uch tomonlama bayonot mojaro zonasida harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtashiga imkon yaratdi. Ozarbayjon va Armaniston tomonlari egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtashdi, bir qator hududlar Baku nazorati ostiga o‘tdi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva Ozarbayjon Putin Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

103

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing