Kreml Trampning tahdidiga javob berdi
Olam
−
29 iyul 16477 2 daqiqa
Rossiya AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha bergan bayonotlarini inobatga oladi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Kecha Prezident Tramp tomonidan aytilgan bayonotni e’tiborga oldik. Maxsus harbiy operatsiya davom etmoqda. Biz esa Ukrainadagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish va Rossiyaning manfaatlarini ta’minlash yo‘lida tinchlikka sodiqligimizni saqlab qolamiz”, degan Peskov.
Kreml vakili Trampning Vladimir Putindan ko‘ngli qolgani, u bilan gaplashishga endi qiziqmasligi haqidagi so‘zlariga esa izoh berishdan qochgan.
“Men bu bo‘yicha qandaydir baholardan qochmoqchiman, faqat shuni takrorlayman – bayonot e’tiborga olindi”, degan Prezident matbuot kotibi.
Shuningdek, Peskov Putin va Tramp o‘rtasida uchrashuv ehtimoli haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
“Bu masala kun tartibida bo‘lgan emas va hozir ham unday emas”, degan Peskov.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 28 iyul kuni Ukrainadagi mojaroning diplomatik yo‘l bilan hal etilishi uchun avval belgilangan 50 kunlik muddatni 10–12 kunga qisqartirganini e’lon qildi.
Shu bilan birga, 14 iyul kuni u Moskva va uning savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizgacha bojlar joriy etilishi mumkinligini aytgan edi. Trampning fikricha, agar belgilangan muddat ichida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzilmasa, keskin choralar ko‘riladi. U bu qarorini “Putinning harakatlaridan hafsalasi juda pir bo‘lgani” bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampning bu qarorini ijobiy baholagandi va uni olqishlab, bu chora mojaroga tezroq nuqta qo‘yishiga ishonishini bildirgandi.
Live
Barchasi