Kreml XJSning Netanyaxuni hibsga olish orderi ish berishiga ishonmayapti
Olam
−
22 noyabr
4609Xalqaro jinoiy sud (XJS) harakatlari, xususan, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order chiqarishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solishga ko‘maklashishi ehtimoldan yiroq. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan brifingda so‘z ochdi.
“Umuman olganda, XJS harakati biror narsaga yordam berishi dargumon, bu birinchi navbatda. Ikkinchidan, biz buni qandaydir tarzda izohlashdan ma’no ko‘rmayapmiz, chunki biz uchun ushbu qarorlar ahamiyatsiz”, dedi Peskov.
Ma’lumot uchun, XJS o‘tgan yili Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda ayblab, hibsga olish uchun order bergan edi. Joriy yilda esa Xalqaro jinoiy sud Rossiya sobiq mudofaa vaziri, Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovni hibsga olishga order bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantga nisbatan G‘azo sektoridagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun hibsga olish orderlari chiqargan edi. Sud orderlarni berishda Isroilning yurisdiksiyaga qarshi dalillarini rad etgan. Shundan so‘ng bir qator mamlakatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Kanada va Niderlandiya agar Binyamin Netanyaxu mamlakat hududiga kelsa, uni Xalqaro jinoiy sud orderi bo‘yicha hibsga olishini bildirgan. AQSH esa XJS qarorini qoralagan.