Kreml Baydenning rossiyaliklarga murojaatiga javob qaytardi
Olam
−
16 fevral 2022
16817Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya fuqarolariga murojaat qilib, ularni Qo‘shma Shtatlar, NATO yoki Ukrainadan qo‘rqmaslikka chaqirgandi.
Baydenning Rossiya xalqiga murojaatida Kreml hech qanday qoralovchi narsani ko‘rmayapti. Bu haqda Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Ehtimol, bunda hech qanday qoralovchi narsa yo‘q va ehtimol, dunyodagi eng yirik davlatlardan biri, eng qudratli davlatlardan biri bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining rus xalqi haqida o‘ylashini mamnuniyat bilan qabul qilish mumkin. Bu bizga ijobiy ta’sir qilishi kerak. Agar biz tahdidlarsiz murojaatni eshitganimizda, rus xalqi, ehtimol, yana ham katta taassurot olardi. Bundan tashqari, agar AQSH Prezidenti Ukraina xalqiga ham murojaat qilib, ukrain xalqini hech qachon bir-biriga qarata o‘q uzmaslikka chaqirsa, bu nutq yanada ta’sirliroq bo‘lardi”, deydi Peskov.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning mashg‘ulotlar tufayli Ukraina bilan chegaraga qo‘shin to‘plashi sabab Sharqiy Yevropada inqiroz yuzaga keldi. Ayni vaqtda AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qildi.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyati yo‘qligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, 15 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi qo‘shinlarini mashg‘ulotlardagi vazifasi yakunlangani sababli odatiy joyiga qaytarishni boshladi.
LiveBarchasi