Kreml ham Oq uydagi janjalga izoh berdi
Olam
−
03 mart
23390Kreml Oq uydagi mojaroga birinchi marta rasman izoh berib, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan ommaviy munozarasini “misli ko‘rilmagan” deb atadi. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Zelenskiy ko‘p jihatdan diplomatik mahoratning to‘liq yetishmasligini ko‘rsatdi”, dedi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi og‘zaki tortishuv Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish “qanchalik qiyin” bo‘lishini ko‘rsatgan.
“Kiyev rejimi va Zelenskiy tinchlikni istamaydi, ular urush davom etishini xohlaydi”, dedi Kreml voizi.
Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni “Zelenskiyni tinchlikni xohlashga majburlash”ga chaqirdi.
“Agar yevropaliklar buni uddalay olsa, ularni hurmat qilish va maqtash kerak”, dedi Peskov.
Jurnalistlarning Kreml Zelenskiyning Rossiya tomonidan hozirda bosib olingan hududlarning anneksiya qilinishini tan olmasligi haqidagi bayonotlarini qanday baholashi haqidagi savoliga Peskov shunday javob berdi:
“Hududdagi haqiqiy vaziyatni qabul qilishni istamaslik sifatida”.
Kreml matbuot kotibi, shuningdek, AQSH va Rossiya o‘rtasida “Shimoliy oqim 2” loyihasini qayta boshlash bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib borilgani haqidagi xabarlarni ham rad etdi.
“Bild” nashrining yozishicha, Shveysariyadagi ushbu muzokaralarda arzon rus gazi yana Germaniyaga oqib kela boshlashi, AQSH esa vositachi sifatida ta’minotni tartibga solib, bu yo‘lda pul ishlab topishi mumkinligi muhokama qilingan.
“Menimcha, nashrda tilga olingan shaxs buni allaqachon rad etgan. Amerikaliklar esa buni rad etishgan. Hozir haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘plab ma’lumotlar bor”, dedi Peskov.
Oval ofisdagi janjal
AQSH va Ukraina o‘rtasida Ukraina foydali qazilmalariga kirish to‘g‘risidagi bitim 28 fevral kuni Oq uyning Oval kabinetida imzolanishi rejalashtirilgan edi, biroq imzolanish oldidan bo‘lib o‘tgan protokol tadbiri chog‘ida Zelenskiy va Tramp og‘zaki janjallashib qolgan, bunda AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens ham ishtirok etgan. Oqibatda Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etishga majbur bo‘ldi va kelishuv imzolanmadi.
Zelenskiy janjaldan so‘ng darhol “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida boshlovchining bo‘lgan voqea uchun uzr so‘rash zarurligini his qildimi yoki yo‘qmi degan savoliga javob berar ekan, Qo‘shma Shtatlardan minnatdor ekanini, biroq “men yomon ish qilganim yo‘q, deb o‘ylamayman” va “ba’zi narsalarni kameradan tashqari muhokama qilish kerakligini” qo‘shimcha qildi.
Keyinroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Zelenskiydan kechirim so‘rashni talab qildi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


