Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

Oq uydagi “otishma”. Tramp va Zelenskiy yoqalashmadi, xolos!

Olam

Bu Oq uyda Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi jangdan lavha edi. Oq uyda AQSH Prezidenti bilan boshqa bir davlat rahbarining tengma-teng tortishishi. Ko‘p ehtimol, tarix yaqin va uzoq o‘tmishda bunday voqeaga guvoh bo‘lmagan.

Xabaringiz bor, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 28 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Oq uyga bordi. Tomonlar o‘rtasida muhokama markazida bo‘lishi kutilgan asosiy masala foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv edi. Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari Ukrainadagi bosqinni to‘xtatish bo‘yicha harakatlarini ham muhokama qilishi aytildi. Ikki davlat rahbarlarining jurnalistlar bilan o‘tkazgan suhbati dastlab yaxshi boshlandi va normal sur’atda davom etdi. Biroq eng so‘nggida ikki o‘rtada “o‘t chiqdi”. Zelenskiy Tramp va vitse-prezident Vensning hujumiga uchradi.

Putin bilan diplomatiya zarur degan qarashga javoban Zelenskiy u bilan bir necha yillar oldin Merkel va Makron vositachiligida otashkesim imzolagani, Fransiya va Germaniya rahbarlari o‘shanda unga Putin boshqa qaytib kelmaydi deya ishonch bilan aytgani, ammo u baribir kelishuvni buzganini eslatdi va Vensga Putin bilan yana qanday diplomatiya haqida gapirish mumkin deya yuzlandi. Vens esa bunga javoban “Ukrainani yo‘q qilishni to‘xtatadigan” kelishuvni nazarda tutayotganini aytdi. Oq uydagi “otishma” shu tarzda boshlandi.

Shundan so‘ng, Vens Zelenskiyga bir qancha tavsiyalar bera boshladi. Ammo Ukraina prezidenti unga Ukrainaga tashrif buyursagina u yerda qanday muammolar borligini ko‘ra olishi mumkinligini aytdi.

Tortishuv qizg‘in pallaga chiqib borar ekan, Zelenskiy AQSHni kattagina okean himoya qilishi va bu Qo‘shma Shtatlarga Ukrainada bo‘layotgan jarayonni his qildirmasligini aytdi. Biroq baribir keyinchalik, albatta, AQSHga ham bu urush ta’sir qilishini qo‘shimcha qildi. Tramp esa uning shu so‘zlaridan keyin “biz nimani his qilishimiz kerakligini aytishga haqqingiz yo‘q. Biz Uchinchi jahon urushi yoqasida turibmiz, lekin siz AQSH va meni hurmat qilmaysiz” deya Ukraina prezidentiga javob qaytardi.

Shundan so‘ng Tramp va Zelenskiy bir-birini tinglashni to‘xtatdi va o‘rtadagi suhbatda shovqin ko‘tarildi. Tramp Ukraina rahbarida kuchli “kartalar” yo‘qligi, u yaxshi pozitsiyada emasligi va Uchinchi jahon urushi bilan o‘ynashayotganligini aytdi.

Shu payt o‘rtaga qo‘shilgan Vens Ukraina rahbaridan mazkur uchrashuv davomida biror marotaba bo‘lsa ham tashakkur bildirgan yoki yo‘qligini so‘radi. Bu mavzudan tashqari berilgan savolga Zelenskiy bir necha marotaba hatto hozir ham rahmat aytayotganini bildirdi.

Shundan so‘ng Zelenskiy Vensga baland ovozda gaplashmaslikni maslahat berdi. Ammo Tramp darhol Vens ovozini ko‘tarmaganini aytib, Ukraina Prezidentining gapini bo‘ldi va u “juda ko‘p gapirib yuborganini” aytdi.

Ikki o‘rtada janjal davom etdi. Tramp Baydenni “ahmoq” deb atadi va u Ukrainaga 350 milliard dollar bergani, agar Amerika yordami bo‘lmaganda bu urush ikki haftada tugardi, deya Zelenskiyni turtdi. Zelenskiy esa bunga javoban “3 kun, men buni oldin Putindan ham eshitganman” deya kinoya qildi. Tramp esa o‘z o‘rnida “balki undan ham kam vaqtda” deya mavzuga nuqta qo‘ydi.

Shundan so‘ng Tramp Zelenskiyni otashkesimni xohlamayotganlikda aybladi. U buni Zelenskiyni yosh bolalarcha harakatlar orqali trolling qilgan holda aytgani esa ijtimoiy tarmoqlar uchun ajoyib kadrga aylandi.

Qo‘shma Shtatlar Prezidenti qachonlardir Oq uyda boshqa davlat prezidenti bilan suhbat chog‘ida janjallashib, kezi kelganda bolalarcha masxara qilishi kimning ham xayoliga kelibdi dersiz. Jurnalistlar bilan suhbat jarayoni asosan shu voqealar bilan esda qoldi. Salkam bir soatlik mazkur savol-javoblarda Zelenskiyning AQSH Prezidentiga ko‘p jabhada bo‘yin egmagani va o‘zini ancha dadil tutgani yaqqol ko‘rinib turdi. Tramp ko‘p marotaba Zelenskiyga gapirish imkonini bermadi. Hatto u javob berishni xohlagan jurnalistlarga so‘z berilmagan holatlar bo‘ldi. Ammo umumiy ma’noda Ukraina Prezidenti baribir o‘z so‘zini aytishga muvaffaq bo‘ldi deyish mumkin. U savol-javoblar davomida urushni Putin boshlagani va qoida bo‘yicha to‘lovni aynan u amalga oshirishi lozimligini aytdi. Shu tariqa Oq uyda qisqa “otishma” sodir bo‘ldi. 50 daqiqalik bu to‘qnashuv shubhasiz dunyoning eng qudratli mamlakati prezidenti sifatida Tramp uchun juda og‘ir bo‘ldi. Buni hatto eng so‘ngida uning Vens tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan bilish mumkin.

Shunday qilib, bu janjal oxir-oqibat ko‘p masalalarni ortga surdi va bosqin taqdirini katta so‘roq ostiga qo‘ydi. Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Foydali qazilmalar bo‘yicha imzolanishi kutilgan bitim barbod bo‘ldi. Prezidentlar ishtirokidagi matbuot anjumani bekor qilindi. Jurnalistlar o‘z lash-lushlarini yig‘ishtirib, anjuman o‘tkazilishi kerak bo‘lgan zalni tark etdi.

Ammo shundan so‘ng Ukraina yetakchisini dunyo miqyosida qo‘llab-quvvatlash boshlanib ketdi. Birinchi bo‘lib, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk X sahifasida “Zelenskiy, Ukraina va ukrainaliklar siz yolg‘iz emassiz” deya yozib qoldirdi. Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham “Ispaniya Ukraina bilan” ekanini ta’kidladi. AQSH senatori Adam Shif esa Trampni qo‘rqoq, Zelenskiyni esa qahramon deb atadi.

“Bugun Oval ofisda qahramon va qo‘rqoq uchrashadi. Uchrashuv tugagach, qahramon Ukrainaga, vataniga qaytadi”, deb yozdi siyosatchi.

Yevropa Ittifoqining sobiq tashqi siyosat boshlig‘i Jozep Borrel esa Tramp va Vens sharmandali harakatlaridan uyalishini bildirdi.

Oq uyda sodir bo‘lgan voqeaga Adam Shif va Jozef Borrelning munosabati eng mosdek go‘yo. Chunki bu suhbatda Zelenskiy Adam Shif aytganidek qahramon obrazida gavdalanadi, Tramp esa ko‘p ehtimol Borrel izohlagani kabi uyatli bir jarayonni boshdan kechirdi. Bu uchrashuv esa shubhasiz, XXI asrning eng yodda qolarli siyosiy voqeligi bo‘lib tarixga kirdi deyish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing