Kredit muddatidan oldin so‘ndirilganda sug‘urtaning bir qismini qaytarish mumkinmi?

Jamiyat

image

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassisi sug‘urta kompaniyasi avtokredit muddatidan oldin qaytarilganidan keyin sug‘urta mukofotining bir qismini qarz oluvchiga to‘lashni rad etish holatini ko‘rib chiqdi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar, shuningdek aloqa xizmatlari sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Lochinbek Isabekovga ko‘ra, avtokreditni rasmiylashtirish chog‘ida sotib olinayotgan mashina bank garoviga, qarzga olinayotgan pullarning qaytarilishi uchun kafolatga aylanadi. Shu sababli avtomobilni butun qarz muddatiga sug‘urtalash talab etiladi. Binobarin, kredit 4 yilga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, u holda sug‘urta kompaniyasi shartnomasiga ko‘ra belgilangan foizni (summani) ortiqcha to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Vaziyat. Fuqaro xususiy bank orqali avtomobil sotib oldi, 48 oyga kredit olindi. U sug‘urta kompaniyasi bilan xuddi shu muddatga 3 312 000 so‘mlik summaga shartnoma tuzdi. Avtomobil sotib olinganidan keyin bir yil o‘tgach, u kreditni muddatidan oldin so‘ndirdi.

So‘ng u sug‘urta uchun to‘langan summaning bir qismini qaytarib berishni so‘rab sug‘urta kompaniyasiga murojaat qildi, biroq sug‘urtalovchilar unga rad javobini berdilar. Ularning fikricha, kredit va sug‘urta shartnomalari o‘zaro aloqador emas, shu sababli qarz muddatidan oldin so‘ndirilganda mijoz sug‘urta bo‘yicha pullarni qaytarib berishlarini talab qilishga haqli emas. 

Sug‘urta shartnomasiga sug‘urta qiymatining bir qismini qaytarmaslik haqida band kiritilgani ma’lum bo‘ldi (sug‘urta shartnomasining 11.2-"Avtokredit" bandida nazarda tutilishicha, sug‘urtalovchi o‘z majburiyatlarini buzganligi uchun shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda to‘langan sug‘urta mukofoti to‘liq hajmda qaytariladi). Mazkur shartnomaning 11.3-bandida nazarda tutilishicha, sug‘urta qildiruvchi ushbu shartnomaning 11.2-bandi bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra shartnomaning muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilayotgan bo‘lsa, to‘langan bonus qaytarilmaydi.

Bu qonuniymi?

Sug‘urta kompaniyasi shartnomasining ko‘rsatilgan bandlari Fuqarolik kodeksining 948-"Sug‘urta shartnomasining muddatidan ilgari bekor bo‘lishi" moddasi, shuningdek "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunning 21-"Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi" moddasi talablariga ziddir.

Qonunda qayd etilishicha, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llash natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Sug‘urta shartnomasi muddatidan oldin bekor bo‘lganda, agar sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimoli yo‘qolgan yoki sug‘urta xavfining o‘zi tugagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi faqat mukofotning bir qismini – sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega. Kredit so‘ndirilgan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasi ma’nosini yo‘qotadi, zero u bo‘yicha to‘lashning imkoni yo‘q, avtosalon va qarz oluvchi endi majburiyatlar bilan bog‘langan emas.

Uzoq davom etgan muzokaralar natijasida…

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar, shuningdek aloqa xizmatlari sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi sug‘urta kompaniyasiga bir necha marta tushuntirish berish tusidagi xatlarni yo‘lladi.

Sug‘urta kompaniyasi bilan uzoq davom etgan muzokaralar natijasida Agentlik 635 745 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari iste’molchiga qaytarilishiga erishdi. Demak, sug‘urta uchun to‘langan 3 312 000 so‘mdan 2 542 981 so‘mi qaytarildi. Shundan xizmat xarajatlari uchun faqat 769 019 so‘m ushlab qolindi, u butun summaning 23%ini tashkil etadi.

Ushbu holat sug‘urta sohasida, tuziladigan shartnomalardan tortib uning bajarilishigacha, muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Zero bugungi kunda avtokreditni rasmiylashtirayotganda sug‘urta qilish majburiy sanaladi. Iste’molchilarning qanchasi o‘z huquqlarini biladi? Qonunda bankka pullarni muddatidan oldin qaytargan qarz oluvchilarning kredit olish bosqichida rasmiylashtirilgan sug‘urtaning bir qismini qaytarib olish huquqi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

kredit sug'urta

Baholaganlar

142

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing