Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirdi

Jamiyat

image

Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida shakllanib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

“Shuningdek, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyun oyida sezilarli pasayishiga olib keldi. Bu esa, kutilmalar tomonidan inflyatsiyaga bosimlarni pasayib borishiga sharoit yaratadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘lgan va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaygan. Markaziy bankka ko‘ra, bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lganligi bilan izohlanib, inflyatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora bermoqda.

“Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda, asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlar inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha kelgusi davr ma’lumotlari asosida qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 12 sentyabrga belgilangan.

Ma’lumot uchun, asosiy stavka davlat va tijorat banklaridan kredit olish, omonat joylashtirish foizlarini belgilash uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni banklar Markaziy bank belgilagan asosiy stavkadan kelib chiqqan holda kredit va depozit foizlarini belgilaydi.

O‘zbekistonda asosiy stavka 2023 yilning mart oyidan beri o‘zgarishsiz, 14 foizlik ko‘rsatkichda saqlanib kelayotgan edi. Markaziy bankning asosiy stavkani tushirish borasida chiqargan qaroridan kelib chiqib aytish mumkinki, yaqin orada banklarda ajratilayotgan imtiyozli kredit stavkasi ham 13,5 foizga tushirilishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston banklarida kreditlarning o‘rtacha foizi ko‘tarilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made