Krasnodarda favqulodda vaziyat joriy etildi
Olam
−
26 dekabr
9513Rossiyaning Krasnodar viloyati Kerch bo‘g‘ozida tankerlarning halokati va neft mahsulotlari to‘kilishi oqibatida favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi. Bu haqda viloyat gubernatori Veniamin Kondratev ma’lum qildi.
“Hozirgacha shahar darajasidagi favqulodda vaziyat amal qilgan bo‘lib, bu holat kemalar halokatga uchragan ilk kunlarda Anapa va Temryuk tumanlari hokimiyatlari tomonidan tezkor joriy etilgan edi. Ammo vaziyat hali ham keskin. Bugun men viloyat darajasidagi favqulodda vaziyatni joriy etishga qaror qildim”, dedi Kondratev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anapa va Temryuk tumani sohillarida neft mahsulotlari yoyilishi uzoq davom etmoqda va to‘xtamayapti. Dastlab mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, mazutning asosiy qismi qora dengiz tubiga cho‘kishi kutilgan edi. Bu esa uni suvda yig‘ishga imkon berardi.
“Lekin ob-havo o‘z shartlarini qo‘ymoqda. Havo isib, neft mahsulotlari yuzaga chiqmoqda”, dedi gubernator.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 dekabr kuni Kerch bo‘g‘ozida “Volgoneft-212” va “Volgoneft-239” tankerlarining halokati ro‘y bergandi. Bitta ekipaj a’zosi halok bo‘ldi, qolganlari evakuatsiya qilindi. Avariya oqibatida 3 ming tonnadan ortiq mazut suvga oqib ketdi, Qora dengiz bo‘yining 50 kilometrdan ortiq masofasi ifloslandi.
LiveBarchasi