Kostenko konidagi fojia: 10 kishiga sud hukmi o‘qildi
Olam
−
18 avgust 4424 2 daqiqa
Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi 46 nafar konchi halok bo‘lgan va 28 kishi jarohatlangan Kostenko konida sodir bo‘lgan portlash bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Kon direktori, uning o‘rinbosarlari, bosh muhandislar va kon ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish uchun mas’ul bo‘lgan uchastka rahbarlari – jami 10 kishi jazolandi. Tergov va sud tomonidan ular sanoat, yong‘in va kon xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish sanitariyasi talablarini buzgani aniqlandi (Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi). Bu ko‘mir changining portlashiga va karbonat angidridning chiqishiga olib kelgan.
Barcha ayblanuvchilar qamoq jazosini oldi. Kon direktori Sergey Mustivko 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Vadim Yeremin 7 yilga hukm qilindi. Bosh muhandis Nikolay Groznov va 6-sonli uchastka boshlig‘i Viktor Koptenkov ham xuddi shunday muddatga qamaldi.
Sud bosh muhandisning kon ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Vladimir Gonnochenkoni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bosh muhandisning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Fedorenko va bosh mexanik Dmitriy Kotsarning har biri 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Chang va portlashdan himoya qilish bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi Vitaliy Pestryatak ham xuddi shunday muddatga hukm qilindi. Shamollatish va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Vladimir Shishkanov va konveyer transporti bo‘limi boshlig‘i To‘lagan Gabdushevga 5 yilga qamaldi.
Barcha mahkumlar 3 yil muddatga tog‘-kon sanoatida rahbarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etildi.
Sud jarayoni deyarli 6 oy davom etdi, materiallar 108 jildni tashkil etdi. Ish bo‘yicha 74 kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan.
Ma’lumot uchun, Kostenko konidagi portlash 2023 yil 28 oktyabrda mahalliy vaqt bilan 02:33 da sodir bo‘lgan. Undan oldin yong‘in chiqqan. Favqulodda hodisa oqibatida 46 konchi halok bo‘ldi, 28 nafari tan jarohati oldi. Fojiadan keyin konga tegishli bo‘lgan “ArselorMittal Temirtau” AJ davlat mulkiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik qozog‘istonlik tadbirkor Andrey Lavrentev kompaniyaning yangi investori bo‘ldi va tashkilotning nomini Qarmet deb o‘zgartirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Qozog‘istonning Ulitau shahrida joylashgan “Jomart” konidagi fojia oqibatida konning yetti ishchisi halok bo‘lgandi. Shuningdek, 2024 yilning oktyabr oyida Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi “Sayak-3” konida uglerod oksidi chiqishi oqibatida ikki ishchi halok bo‘lgandi. Har ikkala kon ham Kazakhmys guruhiga qarashli edi.
Live
Barchasi