Korrupsionerlarning qarindoshlariga davlat lavozimida ishlash taqiqlanadi. Qirg‘izistonda

Olam

image

Qirg‘izistonda endi poraxo‘r amaldorlarning yaqin qarindoshlariga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXX) rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi mamlakatda korrupsiya darajasi pasayganiga qaramay, bu davlat idoralarida muammo bo‘lib qolayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, korrupsiya jinoyati uchun hibsga olingan ayrim shaxslar ba’zan muddatidan oldin ozod bo‘ladi, bu esa huquqni muhofaza qilish organlarini charchatgan.

“Biz korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlarni ushlab turamiz, lekin ular yana ozodlikka chiqariladi. To‘g‘risini aytsam, bunday kurashlardan allaqachon charchaganmiz”, deydi u.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, korrupsiyaga qo‘l urgan mansabdor shaxslar davlat organlarida ishlashdan umrbod chetlatiladi.

“Korrupsionerlar jarimadan qutulganidan so‘ng 1-2 yil o‘tib davlat xizmatiga qaytyapti va yana noqonuniy xatti-harakatlar qilishda davom etmoqda. Ammo, endi jarima o‘rniga haqiqiy qamoq jazosi qo‘llaniladi”, deydi Qamchibek Tashiyev.

Shuningdek, u korrupsionerlarning qarindoshlari, jumladan, bolalari va aka-ukalarini davlat xizmatiga kiritmaslik zaruriyatini ma’lum qildi.

“Aks holda korrupsiya avj olishda davom etadi. Bundan buyon hech bir poraxo‘r amaldor qamoqdan qochib qutula olmaydi, ularga nisbatan shartli ozodlik qo‘llanilmaydi. Korrupsioner davlatning birinchi raqamli dushmani”, dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tegishli farmoni bilan mamlakatda davlat va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining shtat stavkalari va ish haqini oshirish taqiqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qamchibek Tashiev Korruptsioner

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing