Poraxo‘r yordamchilar

Tahlil

image

Hokim yordamchilari borgan sari “ko‘proq” ishlayapti shekilli, yildan yilga reytinglarda yuqorilayapti. Faqat bu… biz kutgan reyting emas. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga ko‘ra, o‘tgan 2024 yil davomida hokim yordamchilari 309 marta korrupsiyaga qo‘l urgan. Qizig‘i, ularning nomlari korrupsion statistik hisobotlarda alohida tilga olinadigan bo‘lib qoldi. Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda videoselektorlardan birida hokim yordamchilari haqida gapirib:

“Joylardagi ayrim hokim yordamchilari “kredit, subsidiya, yer olib beraman”, deb tamagirlik qilayotgani ham juda achinarli holatdir”, degan edi.

Shunga qaramay, hokim yordamchilari bilganlaridan qolmadi. 2025 yilni ham ularning pora bilan ushlangani haqidagi qaynoq xabarlar bilan boshlab oldik. Masalan, yanvar oyi o‘rtalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uchtepa tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga yer maydoni rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Qizig‘i, ushbu hokim yordamchisi muqaddam Jinoyat kodeksining 167-(o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-(firibgarlik), 205-(hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan 3 marotaba sudlangan shaxs hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, pora bilan qo‘lga tushayotganlar faqat hokim yordamchilari emas, bu borada hokim o‘rinbosarlari ulardan o‘tsa, o‘tadiki, aslo qolishmaydi.

Misol uchun, o‘tgan yili noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chirchiq shahri hokimining o‘rinbosari fuqarodan 2 million dollar talab qilib, shundan 1 million dollarni haydovchisi orqali olayotganida qo‘lga tushgan. Gap shundaki, hokim o‘rinbosari fuqaroga 40 million dollar investitsiya kiritish sharti bilan hokimlik zaxirasidagi 20 gektar yerni olib berishni va’da qilgan. Eng og‘riqli nuqta: korrupsion jinoyat ustida ushlanayotganlar orasida hatto qonun himoyachilarining o‘zlari ham bor. Masalan, 2024 yilning boshida buxorolik prokuror 100 ming AQSH dollari bilan qo‘lga tushgani va shaxsan Prezident bu holatga fikr bildirgani yodingizda bo‘lsa kerak.

“Kogon tumanining prokurori 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Men buni nima uchun elga aytyapman? Prokuror o‘zining harakati bilan bunday narsalar amalga oshirilyaptiki, o‘zi kurashchi bo‘lib, uning xodimi o‘g‘ri bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik?”, degandi Mirziyoyev.

Avgust oyida esa Prezident “o‘g‘ri” deb atagan prokuror Bahodir G‘ulomovga tegishli jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 28,211-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotda mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sobiq prokuror uzil-kesil 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Korrupsiya – mansabdorning bo‘ynidagi sirtmoq

Odatda hukumat organlari zaifligi, qonunlar ishlamasligi va ish haqi pastligi kabi sabablar bilan mansabdorlar o‘z manfaatlari yo‘lida korrupsiyaga qo‘l uradi. Iqtisodchi Jamshid Muslimovning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaning yomon tomonlaridan biri shuki, u mamlakat iqtisodiyotini tanazzulga tortadi.

“Iqtisodiyot faqat barcha uchun adolatli va aniq “o‘yin qoidalari” mavjud bo‘lgan joyda rivojlanadi. Korrupsiya investitsiya muhitini buzib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Oqibatda ishsizlik ko‘payadi va aholi daromadlari kamayadi. Davlat byudjeti mablag‘larining talon-toroj qilinishi esa infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni izdan chiqaradi”, deydi u.

Mansabdor ilk bor korrupsiyaga qo‘l urganida o‘z bo‘ynidan sirtmoq o‘tkazib, o‘zgalar qo‘liga tutqazadi va jinoyatini yashirish uchun umr bo‘yi boshqalarga ham pora taklif qiladi. Shunday qilib, korrupsiya o‘rgimchak to‘ri kabi tarqaladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparovning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, mansabdor shaxslarda irodaning yetishmasligi ushbu jinoyatga qarshi kurashda kuzatilayotgan jiddiy omillardan biri.

“Korrupsiyaga qarshi kurashga bo‘lgan irodaning yetishmasligi, idoralar rahbarlarining yangilikka, boshqacha aytganda, o‘zgarishga tayyor emasligi korrupsiyaga qarshi kurashni murakkablashtirmoqda”, deydi Saparov.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashda AQSH, Singapur, Xitoy, Yevropa, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribasiga suyanib o‘zgacha model yaratmoqchi.

Korrupsiya shunday jinoyatki, unga qarshi kurashda jamoatchilik ishtiroki juda muhim.

“Buning uchun odamlar o‘z huquqlarini yaxshi bilishi va ularni himoya qilishga tayyor bo‘lishi kerak. OAV jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurashga safarbar qilishda katta rol o‘ynaydi. Shaffoflik, jamoatchilik nazorati va korrupsiya holatlari haqida xabar berish samarali choralardir”, deydi Jamshid Muslimov.

O‘zbekiston korrupsionerlarni qanday jazolaydi?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, korrupsionerlar maksimal o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishlari mumkin. Davlat iqtisodiyoti va jamiyatga qarshi mazkur jinoyat uchun bu jazolar yetarlimi? Advokat Davron Yoqubov fikriga ko‘ra, qonunlar bilan bog‘liq muammo yo‘q, agar ular risoladagidek ishlasa. 

“Qonun normalarida emas, ularning amaliyotda ishlatilishida bo‘shliq mavjud deyish mumkin. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina quyi amaldorlar ishtirokida kechmoqda. Toki yuqori eshelonda kurashilmas ekan, bu kurash nomigagina amalga oshirilmoqda degan taassurot uyg‘onadi”, deydi advokat.

Shavkat Mirziyoyevning 2021 yildagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga korrupsioner shaxslar reyestri va majburiy mol-mulk deklaratsiyasini tashkil etish topshirilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tdi hamki, mazkur topshiriqlar ijrosi ta’minlanmadi. Oqibatda, yuqorida sanab o‘tilgani kabi muqaddam korrupsion jinoyatga qo‘l urgan shaxslarga yana mansab, yana vakolat berilmoqda.

“O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, bu shaxslar mazkur jinoyatga qayta qo‘l urmoqda. O‘tgan yilning 10 sentyabrida bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi yig‘ilishida deputat Umida Rahmonova ham shu masalani ko‘targandi. U korrupsion jinoyatlarni sodir etgan 566 nafar shaxs davlat xizmatiga qayta qabul qilingani va yana korrupsiyaga qo‘l urganini ma’lum qilgandi. Deputat bunday holat – ochiq reyestr haligacha tashkil etilmagani oqibati ekanini ta’kidlab, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonovdan reyestr qachon ishga tushishini so‘ragandi. Burhonov esa dastlabki qonun loyihasi 2022 yil boshida ishlab chiqilib, o‘tgan vaqt davomida vazirlik-idoralar bilan kelishilgani va joriy yil boshida Prezident Administratsiyasiga kiritilganini aytgan.

“O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringizga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz”, degan edi u.

Bunga ham to‘rt oydan ortiq vaqt o‘tdi va QALAMPIR.UZ loyiha qachon ishga tushishi bilan qiziqdi. Agentlik vakili Sherzod Saparov esa ishlar hamon jarayonda ekani va tayyor bo‘lishi bilan bu haqda ma’lum qilinishini bildirdi.

Birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib fikr…

Tarixning guvohlik berishicha, korrupsiya har qanday davlatni ichidan yemirib, har qanday tuzilmani-da qulatishga qodir. Masalan, o‘zining madaniyati, arxitekturasi va boy tarixi bilan tilga olinadigan G‘arbiy Rim imperiyasini qulatgan eng katta omil ham aynan shu korrupsiya edi. O‘sha davr tarixchilari o‘z kitoblarida bu haqda ma’lumotlar qoldirgan. Ularning umumiy xulosasiga ko‘ra, imperiyada amaldorlar o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan, soliqlar noto‘g‘ri taqsimlangan va armiyaga mablag‘ yetarlicha ajratilmagan. Bu omillar varvarlarning hujumlariga qarshi kurashni qiyinlashtirib, imperiyaning qulashi bilan yakunlangan.

Zamonaviy dunyoda ham shunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, dunyo bo‘yicha tabiiy resurslarga eng boy 10 ta davlat qatoridagi Venesuelani olsak. Janubiy Amerikada joylashgan bunday “boy” davlat aholisi juda kambag‘al va yomon sharoitlarda yashashga majbur. Buning sababi ham doimgidek korrupsiya! Xalqaro reytingda Venesuela korrupsiya mavjudligi bo‘yicha 180 davlat ichida 177-o‘rinni egallaydi. Mamlakatda korrupsiyaning poraxo‘rlik, nepotizm, qonunsizlik ko‘rinishlari chuqur ildiz otgan. Oqibatda ko‘plab venesuelaliklar o‘z vatanlarini tark etib, Kolumbiya, Ekvador va Peru kabi qo‘shni davlatlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Chunki hukumatga qarshi qilingan har qanday harakat va mitinglar ayovsiz bostirib kelinadi. Shuning uchun ham Venesuela bir necha Yevropa davlatlari sanksiyalari ostida qolmoqda.

Insoniyat o‘z ongi bilan boshqa mavjudotlardan farqlanib turadi va bu boshqalar xatosidan xulosa chiqarish imkonini beradi. Xalqimizda “Birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib fikr” naqli bejiz aytilmaydi. Butun dunyo singari O‘zbekiston ham korrupsiyaga qarshi kurashar ekan, ikki tashabbus: ochiq elektron reyestr va majburiy mol-mulk deklaratsiyasini olg‘a surishga qaror qildi. Biroq ularning joriy etilishi oldi-qochdi sabablar bilan ortga surilmoqda, deyish mumkin. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilmas ekan, muqaddam korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan mansabdorning yana qayta lavozimga kelmasligiga, yana qayta korrupsiyaga qo‘l urmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Davlat xizmatchilarining daromadini deklaratsiyalash harakati amalga oshirilmas ekan, mulozimning qay yo‘l bilan boylik yig‘ayotganini bilish imkonsiz. Pora bilan qo‘lga tushmayapti degani – olmayapti degani emasligini unutmaslik kerak. Xuddi shuning uchun ham bu ikki tashabbus bir-birini to‘ldiradi. Faqat ularning qachon yo‘lga qo‘yilishi so‘roq ostida qolmoqda. 

Iqbol Ergashova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

korruptsiya Shavkat Mirziyoev Davlat xavfsizlik xizmati hokim yordamchilari Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi Sherzod Saparov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing