100 ming $ bilan tushgan prokuror qamaldi

Tahlil

2024 yilning boshida, aniqroq aytganda, 13 fevral kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida 100 ming dollar pora olishda ayblanib ushlangan Kogon tuman prokurori Bahodir G‘ulomovga sud hukmi o‘qildi.

Fevral oyida sobiq prokuror jinoyatda ayblanib, qo‘lga olingani haqidagi gaplar bolalagandan so‘ng, rasmiy idoralar lom-mim demadi. 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonobod shahrida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan o‘tkazayotgan yig‘ilishda prokurorning qo‘lga olinishi bo‘yicha ba’zi tafsilotlarni ochiqlagan edi. Ana undan keyin G‘ulomov DXX xodimlari o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangani ma’lum bo‘ldi.

“Kogon tumanining prokurori 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Men buni nima uchun elga aytyapman?  Prokuror o‘zining harakati bilan bunday narsalar amalga oshirilyaptiki, o‘zi kurashchi bo‘lib, uning xodimi o‘g‘ri bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik?" deb voqeani tushuntirgandi Mirziyoyev. 

Prezident o‘shanda bu holatdan xabardor bo‘lgani, ish oxiriga yetishi uchun arqonni uzun tashlaganini aytgandi.

“Indamanglar oxirigacha. Ertaga suddan qaytmasligi kerak bu, dedim. Sekin-sekin 200 ming dollarni gaplashgan. 91 ming dollarni olib kelyapti, yo‘q qolganini ham olib kelasan deyapti. Uniyam indamanglar, dedim. Lekin 3-kuni 91 mingini olib kelganda, 101 mingini olib kelinglar deyapti”, deya voqeani tushuntiradi Mirziyoyev.

Keling, endi 2022 yilning aprelida Kogon tumaniga prokuror bo‘lgan Bahodir G‘ulomovga o‘qilgan sud hukmi bilan tanishamiz.

Sud hujjatida yozilishicha, Bahodir G‘ulomov Kogon tumani prokurori lavozimida ishlayotgan vaqtida o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida 2024 yil yanvar oyi boshida ikki nafar shaxs N. No‘monov va Z. Odilov bilan jinoiy til biriktirgan. Ular Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischilaridan birining ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilishgan.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi Bahodir G‘ulomov 2024 yil 15 yanvar kuni Buxoro shahrida joylashgan “Turon” mehmonxonasi oldida 100 ming AQSH dollarini jinoiy sherigi N. No‘monov orqali olgan. Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yo‘li bilan 44 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan. Shundan 10 ming AQSH dollarini Z. Odilov olib, qolgan 34 ming AQSH dollarini N.

No‘monov kelgusida Bahodir G‘ulomovga berish uchun o‘zida saqlab kelgan.

2024 yil 13 fevral kuni Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bahodir G‘ulomov N. No‘monov orqali 56 ming AQSH dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida sudlanuvchi N. No‘monovning Cobalt mashinasidan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatga aloqador to‘rt nafar shaxslarni tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga so‘ralgan 100 ming AQSH dollari hisobidan 34 ming AQSH dollari mavjudligi aniqlanib, tegishli tartibda bayonnoma asosida olib qo‘yilgan.

Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini, davlat rahbaridan kechirim so‘rashini aytgan hamda suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sobiq prokuror G‘ulomov Bahodir Botirovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 28,211-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilgan.

Sobiq prokuror uzil-kesil 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan. 

Umuman 2024 yilda javobgarlikka tortilgan amaldor faqat G‘ulomov emas, Bosh prokuratura bergan axborotga tayanadigan bo‘lsak, shu yilning o‘tgan 6 oyida 2389 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Yana ham aniqroq aytganda yanvar-iyun oylarida jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 23 nafari respublika miqyosidagi xodimlar, 223 nafari viloyat miqyosidagi xodimlar, 2143 nafari tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar bo‘lgan.

Javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 1467 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etgan. Keyingi o‘rinda 158 nafar mansabdor pora oldi-berdisi va unda vositachilik qilish jinoyati bilan qo‘lga tushgan. Firibgarlik esa 191 nafar bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, 104 amaldor mansab vakolatini suiiste’mol qilgan, 30 nafari hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan, 48 nafari mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘ygan, 28 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qaragan. Qolgan 363 nafari esa boshqa jinoyatlarni sodir etgan.

Nafaqat 2024, balki 2023 yilda ham jinoyat sodir etgan amaldorlar bo‘lgan. Masalan, 2023 yilda 3575 nafar mansabdor shaxs 3412 ta jinoiy ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Qayd etish joiz, bu statistika 2022 yilga qaraganda, kamayish o‘rniga oshgan. Masalan, 2022 yilda ochilgan 2965 ta jinoiy ish bo‘yicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Demak, 2022 yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 14,7 foizga yoki 459 taga oshgan. 2023 yilda umumiy hisobda amaldorlar davlat byudjetiga 1 trillion 12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Shundan 847 milliard so‘m undirilgan.

Mavqei bo‘yicha respublika miqyosida 49 nafar amaldor jazolangan. Quvonarlisi, bu 2022 yilga nisbatan birmuncha kam. Misol uchun, 2022 yilda respublika bo‘yicha 110 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Viloyat miqyosida 2022 yilda 264 nafar xodimlar javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2023 yilda esa 267 nafar “kursi egasi” o‘z jazosini olgan. Tuman va shahar miqyosida esa bu statistika oshgan. Masalan, 2022 yilda 2742 nafar amaldor, 2023 yilda esa 3259 nafar amaldor javobgarlikka tortilgan.

E’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 2023 yilda mansabdorlar tomonidan eng ko‘p o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati sodir etilgan. Jumladan, ushbu jinoyatni 2023 yilda 2103 nafar amal egasi sodir etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 2205 nafarni tashkil etgan. Ha aytgancha, 2023 yilda amaldorlar pora olish bo‘yicha 2022 yilgi rekordni yangilagan. 2022 yilda 169 nafar mansabdor pora olgan bo‘lsa, 2023 yilda amaldorlar bu raqamlarni 195 nafarga yetkazgan. Bosh prokuratura e’lon qilgan ma’lumotga ishonadigan bo‘lsak,2023 yilda mansab vakolatini suiiste’mol qilish va hokimiyat yoki mansab doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etilishi kamaygan. Mansab soxtakorligi va mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyatlari esa ko‘paygan.

O‘z faoliyatini suiiste’mol qilish jinoyati oqibatida davlatga 1 milliard 546 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 84,7 foizi yoki 1 trillion 310 milliard so‘mi undirilgan.

Umid qilamizki, bu yil mansabdorlarning jinoyatga qo‘l urishi kamayadi. Uzatilgan poralarni rad etishadi. Ularga ishonib topshirilgan mansabni suiiste’mol qilishmaydi, yana tag‘in ham bilmadik, bu yil nimalar bizni kutayotganini. Balki hech qachon kursisini bermaydigan amaldorlarni qo‘lga olinishiga guvoh bo‘larmiz. Mayli, hozircha yaxshi niyat qilib turaylik. O‘zingizni ehtiyot qiling. Izohlarda faol bo‘lib, QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Buxoro Kogon Bahodir G'ulomov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing