Koronavirusni ortda qoldirganlar nega 14 kunlik reabilitatsiyaga yuborilmayapti?
Jamiyat
−
15 iyun 2020
7856O‘zbekistonda koronavirusga chalinib, davo muolajalarini o‘tab, sog‘ayib chiqqan bemorlar shifoxonalardan 14 kunlik reabilitatsiyaga yuborilayotgan edi. Ammo so‘nggi vaqtlarda bu an’anaga nuqta qo‘yildi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi.
“So‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari va davolanish kursini tugatgan bemorlar 14 kunlik reabilitatsiya kurslarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri uylariga kuzatila boshlangani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan izoh berib o‘tamiz.
O‘zi to‘liq davolanishdan keyin, virus organizmdan batamom chiqib ketganidan so‘ng 14 kunlik reabilitatsiya amaliyoti faqat O‘zbekistonda ehtiyot chorasi sifatida qo‘llandi, xolos. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham nafaqat bu amaliyot, balki koronavirusga chalinganlar ham faqat og‘ir holatlardagina shifoxonaga yotqiziladi, qolgan payt kerakli dori-darmonlar tavsiya qilinib, uyda davolanish buyuriladi.
O‘zbekistonda virusga chalingan har qanday bemor belgilangan muddatda jiddiy kuzatuv ostida to‘liq bepul davolanadi. Davolanish so‘ngida virus bo‘yicha tekshiruvlar manfiy natija berganidan keyin ham bu namunalar poytaxtimizdagi SEOMning maxsus virusologiya laboratoriyalarida qayta tahlildan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi. Ana shunday takroriy chuqurlashtirilgan tekshiruvdan keyingina bemor tuzalgan hamda xavfsiz hisoblanadi.
O‘z navbatida, ushbu bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlari ham ana shunday takroriy tekshiruv tahlillaridan o‘tishadi.
Endi reabilitatsiya amaliyoti to‘xtatilganiga kelsak, tajriba bu amaliyotga zarurat yo‘qligini ko‘rsatdi. Chunki reabilitatsiyaga virusdan batamom xalos bo‘lganlar jo‘natilardi va ular orasida kasallik qaytalanish holati ham kuzatilmadi. Shundan keyin bu tajribadan voz kechildi”, deyiladi SSV bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 5154 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 3996 nafari sog‘aydi. Bugungacha qayd etilgan o‘lim holatlar 19 ta.
LiveBarchasi