Koronavirusga qarshi kurashayotgan bir guruh tibbiyot xodimlari uyiga qaytdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganiga 14 kun to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mamlakatda ushbu virusni yuqtirib olganlar 133 nafarga yetdi. 2 kishi virusdan vafot etdi. 7 kishi ushbu kasallikdan sog‘ayib, uyi va oilasi bag‘riga qaytdi. Bu esa avvalo Yaratganning inoyati, so‘ng shifokorlarning mehnati sababdir. 

Bugun Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurashgan bir guruh tibbiyot xodimlari yuksak ehtirom bilan kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi qahramon tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham shifokorlarga minnatdorlik bildirgan edi:

“Koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.

Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda.

Hurmatli tibbiyot xodimlari, o‘z hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotda bo‘ladigan, bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi.

Qarorga muvofiq:

koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan; 

zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

•    vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;

•    o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;

•    kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;

•    boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘m; 

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a’zolariga  esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. 

Ushbu to‘lovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlarni saqlab qolgan holda qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

shifokorlar koronavirus tibbiyot xodimlari

Baholaganlar

221

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing