Koronavirusga chalingan bolalar uy sharoitida qanday davolanadi?
Salomatlik
−
18 yanvar 2022
9094O‘zbekistonda koronavirusning “omicron” shtammi kirib kelishi bilan bolalar orasida ham kasallikka chalinish holatlari ortdi. Biroq bu turdagi virusning o‘ziga xosligi kasallik uncha og‘ir bo‘lmagan shaklda o‘tishidadir. Xo‘sh, shunday sharoitda bolalarni uyda davolash mumkinmi? Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon Abduqayumov bolalarni uyda davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Koronavirusning yangi shtammi aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda yengil kechmoqda. U asosan tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i belgilari bilan namoyon bo‘ladi.
Ta’m va hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi deyarli kuzatilmaydi. Bolalarda ba’zi hollarda turli toshmalar ham paydo bo‘lishi mumkin”, deydi shifokor.
Unga ko‘ra, tana harorati bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda 38,0, bir yoshdan oshgan o‘g‘il-qizlarda esa 38,5 darajadan oshmaguncha, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi.
Tana harorati yuqoridagi o‘lchovlardan oshganda, ibuprofen yoki paratsetamol ichirish tavsiya etiladi. Kichik yoshli bolalarga isitma tushiruvchi svechalarni ham qo‘llasa bo‘ladi.
Uy sharoitida koronavirusga chalingan bolalarga:
• 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;
• darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;
• o‘z vaqtida va me’yorida uxlashi hamda sovqotib qolmasligi choralari ko‘riladi;
• turli vitaminlar iste’mol qilinadi.
Agar bolalarda kasallik davomida:
• nafas yetishmovchiligi;
• hansirash;
• lablarning chetlari ko‘karishi;
• holsizlik;
• chuqur yo‘tal belgilari paydo bo‘lsa, oilaviy shifokor yoki mahalliy pediatr bilan maslahatlashgan holda bemorning statsionar tarzda davolanishi masalasi ko‘rib chiqilishi kerak.
Shu o‘rinda farzandlariga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan ota-onalardan ortiqcha xavotir va sarosimaga berilmay, shifokor tavsiyalariga amal qilishlari so‘ralgan.
LiveBarchasi