Germaniya bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqchi

Olam

−

image

Germaniyada bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilishga qaratilgan yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda “Bild” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukumat 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash va o‘smirlar uchun ham muayyan cheklovlarni belgilashni rejalashtirmoqda.

Vazirlar mahkamasi islohotning asosiy qoidalarini ma’qullagan. Biroq yakuniy qonunlar hali qabul qilinmagan.

Germaniya Yevropa Ittifoqi darajasida yagona qoidalar joriy etilguniga qadar milliy cheklovlarni o‘rnatishni ko‘zda tutmoqda. Bunda bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan platformalardan foydalanishga istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkin.

13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ham bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish rejalashtirilmoqda. Biroq bu choralar hozircha aniq belgilanmagan.

Shuningdek, hukumat platformalarni ishlab chiqishning dastlabki bosqichidanoq bolalar xavfsizligini hisobga olish majburiyatini yuklamoqchi. Jumladan, algoritmlar asosidagi tavsiyalarni standart holatda o‘chirib qo‘yish hamda foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan funksiyalarga qarshi kurashish taklif etilmoqda. Bunday funksiyalar qatoriga lentani cheksiz aylantirish va videolarning avtomatik ravishda ijro etilishi kiradi.

Yana bir tashabbus — “KI-Seepferdchen” dasturi. U orqali boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellekt ilovalari bilan tanishish, ularning imkoniyatlari va xavf-xatarlarini anglash hamda ulardan ongli ravishda foydalanish o‘rgatiladi.

Cheklovlar qachon kuchga kirishi hozircha noma’lum. Bitkom so‘rovi natijalariga ko‘ra, Germaniya aholisining 79 foizi bolalar uchun “KI-Seepferdchen” dasturi g‘oyasini foydali deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabridan boshlab Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanishi haqida xabar berilgan edi.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing