Kichik bolalarning katta fojiasi

Tahlil

−

Reklama
0:00

Dunyo har kuni yuzlab voqealarga guvoh bo‘ladi. Urushlar, portlashlar, hujumlar, qurbonlar…

Lekin ba’zan bitta surat butun dunyoni sukutga cho‘mdiradi. Ba’zan bir bolaning telefondagi so‘nggi ovozi millionlab odamlarning yuragiga yetib boradi.

Ba’zan esa maktabga ketgan bola uyiga qaytmaydi.
2015 yilda Turkiya sohilida topilgan 3 yoshli bolaning surati. Maktabga borish huquqi uchun kurashgani sababli otib ketilgan qiz. G‘azoda yordam kutgan 5 yoshli Hind. Ukrainada raketa zarbasidan halok bo‘lgan 4 yoshli Liza. Rossiyadagi maktab hujumida o‘ldirilgan Qobiljon.

Yaqin daqiqalar ichida siz bilan dunyoni larzaga solgan taqdirlar haqida gaplashamiz.

TINCH HAYOT IZLAB

2015 yil 2 sentyabr kuni Turkiyaning Bodrum shahri sohilida kichkina bolaning jonsiz tanasi topildi. U  Suriyaning Kobani shahridagi fuqarolar urushidan qochayotgan 3 yoshli Aylan Kurdi edi. Aylan va uning oilasi Yevropaga yetib borish umidida Turkiyadan Gretsiyaning Kos oroliga dengiz orqali o‘tmoqchi bo‘lgan. Ammo ular o‘tirgan rezina qayiq shiddatli to‘lqinlar sababli ag‘darilib ketgan. Fojia oqibatida Aylan, uning 5 yoshli akasi Galib va onasi Rehan halok bo‘lgan. Oila a’zolaridan faqat otasi Abdullah Kurdi tirik qolgan.

Dengiz sohilida yuztuban yotgan jajji bolaning jasadini birinchi bo‘lib Turkiya Jandarmasi serjanti Mehmet Chiplak uchratgan. U keyinchalik bergan intervyusida o‘sha mudhish daqiqalarni shunday xotirlaydi

“Bolaga yaqinlashar ekanman, ichimda Iloho, u tirik bo‘lsin deb duo qildim. Lekin belgilarni tekshirganimda hech qanday hayot alomati yo‘q edi. Uni quchog‘imga olganimda, ko‘z oldimga o‘z o‘g‘lim keldi. Men bu og‘riqni hali ham unutolmayman”.

O‘sha kunda sohildagi jonsiz Aylanni​ Do‘g‘an Axborot Agentligi (Doğan Haber Ajansı) fotomuxbiri Nilufar Demir rasmga olgan. Surat bir necha soatda butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Odamlar qochqinlar inqirozi haqida shunchaki quruq yangiliklarni o‘qish bilan cheklanmay, urushning butun dahshatini bir bolaning taqdiri va kichik tanasi orqali ko‘rgan.

Aylanning otasi uchun bu ikki farzandi va turmush o‘rtog‘idan birdaniga ajralish, og‘ir musibat bo‘lsa butun dunyo uchun ushbu rasm Suriya urushi, qochqinlarning hayot-mamot yo‘llari va Yevropaga borishga majbur bo‘layotgan begunoh oilalar haqida keskin, achchiq savollarni o‘rtaga tashlagan.
​O‘sha paytda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Aylanning otasi Abdulloh Kurdi bilan telefon orqali bog‘lanib, hamdardlik bildirgan.
​Ammo voqea shu bilan tugamadi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Aylan yana eng yuqori xalqaro minbarda tilga olindi. 2019 yil 24 sentyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasida Rajab Toyib Erdo‘g‘an minbarga chiqib, Aylan Kurdining Bodrum sohilida tushirilgan mashhur fotosuratini qo‘lida ushlab turgan holda nutq so‘zladi.

“Suriyalik qochoqlarning deyarli yarmi 18 yoshdan kichikdir. Mamlakatimiz hududida tug‘ilgan suriyalik bolalar soni esa 500 mingga yaqinlashdi. Biz ularga nafaqat boshpana, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi har qanday imkoniyatlarni taqdim etyapmiz.
Ammo dunyo jonlarini saqlab qolish uchun chiqqan safarlarida yo O‘rta yer dengizining qorong‘i suvlarida, yo chegaralarga tortilgan tikanli simlar oldida nobud bo‘lgan millionlab mazlumlarni afsuski, juda tez unutdi. Ayniqsa, Aylan Bebekni dunyo juda tez esdan chiqardi. Unutmangki, bir kun kelib, xuddi shu holat sizning ham boshingizga tushishi mumkin. Chunki Aylan Bebeklar bir emas. Minglab, millionlab. Bularning barchasiga qarshi ehtiyot choralarini ko‘rishimiz kerak”.

​Qisqa qilib aytganda, Aylan Kurdining surati urush va qashshoqlikdan qochayotgan, xavfli yo‘llarda hayotini yo‘qotayotgan minglab odamlarning umumiy ramziga aylandi.

Rasmiy statistik ma’lumotlar esa ushbu fojianing ko‘lamini yanada ochiqroq ko‘rsatadi. BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi 2017 yildagi hisobotida Aylan halok bo‘lganidan keyingi atigi ikki yil ichida O‘rta yer dengizidan o‘tishga uringan kamida 8 500 kishi halok bo‘lgani yoki bedarak yo‘qolgani haqida ma’lum qildi. UNICEF, BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi va Xalqaro Migratsiya Tashkilotining 2016 yilgi qo‘shma rasmiy bayonotida esa 2015 yil sentyabridan beri, sharqiy O‘rta yer dengizida 340 dan ortiq bola cho‘kib halok bo‘lgani qayd etildi.

O‘Q TO‘XTATA OLMAGAN OVOZ

Dunyoni larzaga solgan taqdirlar faqat urushdan qochib halok bo‘lgan bolalar bilan tugamaydi. Ba’zan bir insonning hayotiga qilingan tajovuz millionlab odamlarning ta’lim olish, erkin yashash va o‘z kelajagini tanlash huquqi haqida savollarni o‘rtaga chiqaradi. Malala Yusufzay ana shunday insonlardan biri.

1997 yil 12 iyul kuni Pokistonning Svat vodiysida tug‘ilgan Malala bolaligidan maktabga borishni, bilim olishni yaxshi ko‘rardi. Uning otasi Ziauddin Yusufzay o‘qituvchi bo‘lib, qizining ta’lim olishini va o‘z fikrini erkin ifoda etishini qo‘llab-quvvatlardi. Ammo Malala ulg‘ayayotgan hududda vaziyat keskin o‘zgarayotgan edi. Tolibon ta’siri kuchayib, qizlarning maktabga borishiga qarshi cheklovlar joriy etila boshlandi. Maktablar yopildi, ayrimlari vayron qilindi. Qizlarning bilim olishini istamagan kuchlar ularning kelajagini ham cheklashga urindi.

Malala esa bu vaziyatga jim qarab turolmadi. 2009 yilda, hali 11 yoshida, u BBC’ning urdu xizmatiga “Gul Makai” taxallusi bilan kundalik yoza boshladi. Unda Tolibon hukmronligi ostidagi hayot, maktabga borish istagi va qizlar duch kelayotgan qo‘rquv haqida hikoya qildi. Dastlab uning ismi ommaga ma’lum emasdi. Ammo yozuvlari orqali u qizlarning ta’lim olish huquqi uchun kurashayotgan ovozga aylandi. Bu ovoz tobora ko‘proq odamlar e’tiborini tortdi. Malala intervyular bera boshladi, qizlarning ta’lim olishi haqida ochiq gapirdi. Biroq uning faolligi o‘zi uchun xavf tug‘dirdi.

2012 yil 9 oktyabr kuni Malala maktabdan avtobusda uyiga qaytayotgan edi. Qurollangan kishi avtobusni to‘xtatib, yo‘lovchilardan Malalani so‘radi. Uni topgach, qizga qarata o‘q uzdi. O‘q Malalaning bosh qismidan kirib, bo‘yin sohasi orqali o‘tib, yelkasiga borib joylashdi. Hujum vaqtida uning ikki sinfdoshi Kainat Riaz va Shazia Ramzan ham yaralandi.

Kainat keyinchalik bergan intervyusida o‘sha lahzalarni esladi:
“Maktabdan qaytayotganimizda qurollangan kishi paydo bo‘ldi. Va Malalani otdi. Malala yiqilib, qon yo‘qotgandi, biz uning tirik qolishidan xavotirda edik. Malala shifoxonaga yetkazildi. Dastlab Pokistonda davolandi, keyin esa ahvoli og‘irligi sababli Buyuk Britaniyaning Birmingem shahriga olib ketildi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun bir necha murakkab operatsiya o‘tkazdi”.

Hujum Malalaning hayotini tubdan o‘zgartirdi. Ammo uni jim qilishga qaratilgan zo‘ravonlik aksincha, uning ovozini butun dunyoga eshittirdi.
Malala sog‘lig‘ini tiklab, ta’lim olish huquqi uchun kurashini davom ettirdi. 2013 yil 12 iyul kuni, 16 yoshga to‘lgan kunida, Birlashgan Millatlar Tashkilotida nutq so‘zladi:

“Aziz do‘stlar, menga o‘q uzishdi ular do‘stlarimni ham otishdi. Ular o‘q bizni jim qilib qo‘yadi, deb o‘ylashdi. Ammo ular adashdilar. Va o‘sha sukunatdan minglab ovozlar paydo bo‘ldi. Terrorchilar mening maqsadlarimni o‘zgartirib, orzularimni to‘xtatadi, deb o‘ylashdi. Ammo hayotimda bundan boshqa hech narsa o‘zgarmadi: zaiflik, qo‘rquv va umidsizlik o‘ldi. Kuch, qudrat va jasorat tug‘ildi. Men o‘sha Malalaman. Maqsadlarim o‘sha-o‘sha. Umidlarim va orzularim ham o‘sha-o‘sha. Aziz opa-singillar va birodarlar, men hech kimga qarshi emasman. Men bu yerga Tolibonga yoki boshqa bir terrorchi guruhga qarshi shaxsiy qasos olish uchun gapirishga kelganim yo‘q. Men bu yerga har bir bolaning ta’lim olish huquqi uchun gapirishga keldim”.

Malalaning “Bir bola, bir o‘qituvchi, bir kitob va bir qalam dunyoni o‘zgartirishi mumkin”, degan so‘zlari dunyo bo‘ylab tarqaldi.
Uning kurashi endi faqat Pokiston bilan cheklanib qolmadi. U turli mamlakatlarda ta’limdan mahrum bo‘layotgan qizlar haqida gapirdi, ularning huquqlarini himoya qilishga kirishdi. 2013 yilda otasi bilan birga “Malala” jamg‘armasini tashkil etdi. Tashkilot qizlarning sifatli ta’lim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan. 2014 yilda esa Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘sha paytda Malala 17 yoshda edi va tarixdagi eng yosh Nobel mukofoti laureatiga aylandi.

Mukofot uning faoliyatidagi muhim bosqich bo‘ldi, ammo Malala uchun bu yakun emasdi. U o‘qishni davom ettirib, 2020 yilda Oksford universitetini tamomladi. Shu bilan birga, qizlarning ta’lim olish huquqi uchun xalqaro miqyosda faoliyat yuritishda davom etdi. 

ILTIMOS, MENI  QUTQARING…

2023 yil oktyabrida Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush boshlanganidan keyin G‘azoda tinch aholi, jumladan, bolalar hayoti katta xavf ostida qoldi. Oilalar doimiy bombardimonlardan qochib, xavfsizroq joy izlashga majbur bo‘ldi. Ammo ko‘chib o‘tish ham har doim xavfsizlikni anglatmasdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining mustaqil xalqaro tergov komissiyasi G‘azodagi harbiy harakatlar va tinch aholi qurbonlari bo‘yicha ko‘plab dalillarni o‘rgandi. Komissiya o‘z tekshiruvlarida guvohlar bilan suhbatlar, foto va videolar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hamda boshqa materiallardan foydalangan.

O‘sha mudhish kunlarda ya’ni 2024 yil boshida 6 yoshli falastinlik qizaloq Hind Rajab ham o‘z qarindoshlari bilan birga G‘azo shahrining Tel al-Hava hududidan chiqib ketishga urinayotgan edi. Biroq ular o‘tirgan mashina o‘qqa tutildi. Otishma vaqtida Hindning 15 yoshli amakivachchasi Layan Hamada Falastin Qizil yarim oy jamiyatining favqulodda yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, mashinaga o‘q uzilgani va oila a’zolari halok bo‘lganini aytgan.

Qo‘ng‘iroq yozuvida o‘q ovozlari aniq eshitilgan, keyin esa Layanning ovozi uziladi. Layan va mashinadagilar halok bo‘lgach, 6 yoshli Hind mashinada yolg‘iz o‘zi 3 soatdan ortiq Qizil yarim oy jamiyati dispetcherlari bilan telefonda gaplashadi. U qo‘rqqanidan yig‘lab, yordam berishlarini, yoniga odam yuborishlarini tinimsiz o‘tinib so‘ragan. Qutqaruv markazidagi xodimlar Hindni tinchlantirishga va unga imkon qadar yordam yuborishga harakat qilishdi. Dispetcher Rana Faqih keyinchalik bergan intervyusida o‘sha kunni hanuz unutolmasligini aytgan. 

“O‘sha kunni yaxshi eslayman. Umar qo‘ng‘iroqlarni qabul qilayotgan edi. Hindning qarindoshlaridan telefon qo‘ng‘irog‘i va xabar keldi. Umar Layan bilan suhbatlashdi. U bizga o‘q uzishyapti, deb aytganida to‘satdan uzluksiz otishma boshlandi va shu yerda aloqa uzildi. Umar yana qo‘ng‘iroq qildi, bu safar Hind javob berdi. Bu yerda Umar u bilan gaplashganida bu ovoz biroz yoshroq ekanini sezdi. U kimligini so‘raganida, qizaloq: “Men Hannudman”, deb javob berdi, Hind emas. Chunki uni erkalab Hannud deb chaqirishardi. U undan: “Mendan oldin gaplashgan qiz qayerda?” deb so‘radi. U esa: “U vafot etdi, otib tashlandi”, deb javob berdi. Afsuski, Umar bu yerda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Na javob bera oldi, na savol so‘ray oldi, hatto biz bilan ham gaplasha olmadi. Men telefonni oldim va u bilan gaplasha boshladim. Unga: “Mening ismim Rana, sening isming nima?” dedim. U: “Hind”, deb javob berdi. Butun suhbat davomida, o‘q ovozlari, tanklarning harakatlanishi eshitilib turardi. Biz hatto dronning g‘uvullashini ham eshitardik. Men u bilan gaplasha boshladim, u esa ko‘p yig‘lay boshladi. U eng ko‘p aytgan so‘z menimcha: “Iltimos, kelib meni olib keting” bo‘ldi. “Iltimos, kelib meni olib keting”, degan so‘zlar juda og‘ir. To‘g‘risini aytsam, hozir ham kimdir mendan iltimos qilsa, yoqtirmayman. Men u bilan gaplashishga harakat qildim, u men eshitayotgan ovozlardan chalg‘ishini xohladim”.

Falastin Qizil yarim oy jamiyati Hindni qutqarish uchun hududga tez yordam mashinasini yuborgan edi, biroq ko‘p o‘tmay tez yordam brigadasi bilan ham aloqa uzilgan. Oradan kunlar o‘tib, Isroil qo‘shinlari hududdan chiqqach, fojianing dahshatli yakuni ma’lum bo‘lgan. Hind o‘tirgan mashina ham, uni qutqarishga otlangan ikki nafar tez yordam xodimi bo‘lgan mashina ham vayron qilingandi. 

Bu voqea butun dunyoda katta norozilik va xalqaro munozaralarga sabab bo‘ldi. 2024 yil iyul oyida BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil ekspertlari Hind, uning oilasi va ikki tibbiyot xodimining o‘limi harbiy jinoyat bo‘lishi mumkinligini bildirib, holat yuzasidan samarali va mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi. Ekspertlar va inson huquqlari tashkilotlarining sud-ekspertiza tahlillari mashinaning harbiy texnika ko‘rish masofasida bo‘lganini va unga yaqin masofadan o‘q uzilganini tasdiqlovchi dalillar borligini ko‘rsatdi. Shuningdek, ular Isroil kuchlari o‘sha hududda bo‘lmagani haqidagi dastlabki bayonotlar bilan mavjud haqiqiy dalillar o‘rtasidagi keskin tafovutni qayd etishdi.

Hindning onasi Vesam Hamada Amnesty International va boshqa xalqaro tashkilotlarga bergan intervyusida qizining ovozini odamlar unutmasligini istashini aytdi. U Hindning hikoyasi faqat bir oilaning shaxsiy fojiasi bo‘lib qolmasligi, G‘azodagi barcha bolalarning taqdiri e’tibordan chetda qolmasligi kerakligini ta’kidladi. 

Hind Rajabning taqdiri keyinchalik kino ijodkorlarining ham e’tiborini tortdi. Tunislik rejissyor Kauser ben Haniya uning hikoyasi asosida “The Voice of Hind Rajab” filmini suratga oldi. Filmda Hindning qutqaruv xizmati bilan bo‘lgan haqiqiy qo‘ng‘iroqlari audioyozuv sifatida ishlatilgan, qolgan sahnalar esa aktyorlar ishtirokida qayta yaratilgan. Rejissyor Associated Press’ga bergan intervyusida Hindning ovozini eshitgach, bu hikoyani boshqalarga yetkazish zarurligini his qilganini aytgan. Film 2025 yilda Venetsiya kinofestivalida namoyish etildi va keyinchalik xalqaro miqyosda keng e’tibor qozondi.  

URUSH SOYASIDA QOLGAN BOLALIK

2022 yil 14 iyul. Ukrainaning markaziy qismidagi Vinnitsa shahri. Tinch kunlarning birida 4 yoshli Liza Dmitriyeva onasi Irina bilan logoped mashg‘ulotidan qaytayotgan edi. Daun sindromi bo‘lgan Liza o‘zining kichik dunyosida yashar, nutq terapevtiga qatnab, dunyoni o‘rganishga intilayotgan oddiy bola edi. O‘sha kuni tushdan keyin Rossiya qurolli kuchlari Qora dengizdagi suvosti kemalaridan Vinnitsa shahrining markaziga “Kalibr” raketalari bilan zarba berdi. Raketalardan biri gavjum shahar markaziga, tibbiyot markazi va madaniyat uyi yaqiniga kelib tushdi. Hujum oqibatida Liza voqea joyida halok bo‘ldi, uning onasi Irina esa og‘ir jarohat oldi. 

Ukraina rasmiylari va favqulodda vaziyatlar xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur raketa zarbasi oqibatida o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, yuzlab kishilar tan jarohati olgan. Qurbonlar orasida Lizadan tashqari yana ikki nafar bola ham bor edi. BMTning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Vinnitsadagi bu o‘ta dahshatli raketa hujumidan “qattiq shokka tushganini” bildirib, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmalariga qilingan hujumlarni keskin qoralagan hamda aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan. Liza haqidagi xabar va tasvirlar bir necha soat ichida butun dunyoga tarqaldi. Fojiadan atigi bir soat oldin onasi Irina ijtimoiy tarmoqlarga qizining aravachasini itarib ketayotgani aks etgan qisqa videoni joylagan edi. Mudhish voqeadan keyingi suratlarda esa o‘sha aravacha yonida qonga belanib yotgan Lizaning jonsiz tanasi aks etgan edi.  Xalqaro OAV va tahlilchilar bu fojiani o‘z vaqtida butun dunyoni larzaga solgan qochqin bola Aylan Kurdining fojiali surati bilan qiyosladilar. Aylan dengiz suvlari urushdan qochayotgan bolalarni qanday yutib yuborganini ko‘rsatgan bo‘lsa, Liza Dmitriyevaning fojiasi urush tinch shahar ko‘chalarida ham bolalikni yo‘q qilishini butun dunyoga ko‘rsatdi.

MILLATCHILIK QURBONI

Rossiyadagi millatchilik harakati qurboni bo‘lgan tojik Qobiljon Aliyev bilan bog‘liq holat ham 2025 yilda jahon mediasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mudhish voqea sodir bo‘lgan kunga qaytadigan bo‘lsak, Qobiljonning onasi Nilufar Safoyeva o‘sha kuni farzandlarini maktabga olib kelib, o‘z ish joyiga ketgan. Tushdan keyin uning kenja o‘g‘li Sunnatullo onasiga telefon qilib, zudlik bilan maktabga kelishini talab qilgan. Nilufar Safoyeva maktabga borganidan so‘ng o‘g‘lining vafot etganini va uning jasadi morgga olib ketilganini bilgan.

Onasining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 10 yoshli Qobiljon kelajakda yaxshi kasb egasi bo‘lishni, halol mehnat qilib uy sotib olishni va otasining nomini ulug‘lashni maqsad qilgan edi. Fojiadan so‘ng onasi Nilufar Safoyeva og‘ir ruhiy holatni boshdan kechirganini va boshqa jabrlanganlarga yordam berishni istashini bildirgan.

Mazkur voqea ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik darajada muhokama qilingan. 2025 yil 22 dekabrda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvda ushbu hodisa yuzasidan hamdardlik bildirib, voqea bo‘yicha xolis tergov o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Tojikiston hukumati esa mazkur ish yuzasidan aybdorlarni qonuniy javobgarlikka tortish talabini qo‘ygan.

Jinoyat sodir etilgan kunning o‘zidayoq maktabga pichoq va gaz ballonchasi bilan hujum qilgan 15 yoshli yuqori sinf o‘quvchisi Timofey voqea joyida qo‘lga olingan. Moskvaning Tver tuman sudi qarori bilan voyaga yetmagan gumonlanuvchi dastlab 2 oy muddatga qamoqqa olingan va unga nisbatan qotillik alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hujumni uyushtirgan bolaning telefonidagi galereyada halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan.

 Qobiljonning jasadi esa voqea sodir bo‘lgan yilning 18 dekabrida Tojikistonga olib borilgan va otasining qabri yoniga dafn etilgan. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hikoya qilingan taqdirlar ortida turli mamlakatlar, turli voqealar va bir-biridan farqli hayotlar bor. Ammo ularning har biri dunyo e’tiborini bir lahzaga bo‘lsa-da, inson hayotining naqadar kutilmagan tarzda o‘zgarishi mumkinligiga qaratdi. Bugun bu ismlar yangiliklar sarlavhalarida, arxiv kadrlari va yaqinlarining xotiralarida yashayapti. Vaqt o‘tadi, voqealar yangilanadi. Ammo ayrim hikoyalar yakunlanganidan keyin ham odamlarni o‘ylantirishda davom etadi.

Jasmina Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing