Koronavirusga chalingan bemorning uyda yoki shifoxonada davolanishini kim hal qiladi?
Jamiyat
−
12 iyul 2020
10504O‘zbekistonda koronavirus alomatlari namoyon bo‘lgan fuqaro dastlab hududiy poliklinikasiga murojaat qilishi kerak. Poliklinkadagi epid guruh fuqaroning ahvolidan kelib chiqib, uni uyda qoldirish yoki shifoxonaga olib borishni hal qiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.
Yusupaliyevning ma’lum qilishicha ish avvalgidek tartibda olib borilyapti. Ammo vazirlikning alohida buyrug‘i qabul qilingan.
“Unga ko‘ra, biror fuqaroda kasallik belgisi aniqlangan bo‘lsa, masalan, harorat ko‘tarilishi yoki quruq yo‘tal va shu kabi alomatlar ko‘rinsa, o‘sha fuqaro birinchi navbatda o‘zining poliklinikasiga murojaat qilishi kerak.
Bugungi kunda Toshkent shahrida mavjud 64 ta poliklinikada, viloyatlarda ham, epid guruhlar tuzilgan. Uning tarkibidia oilaviy shifokor, infeksionist, epidemiolog bor. Mana shu uchta shaxsdan iborat epid guruh joylarga borib, vaziyatni o‘rganib, xulosa qiladi. Ular bemorni yo uyda davolanish uchun qoldirish yoki uning kasalligi og‘irligiga qarab kasalxonaga yotqizish masalasini hal qiladi. Tez tibbiy yordam brigadasini chaqirib, shifoxonaga yotqizish chorasini ko‘radi”, deydi Yusupaliyev.
Uning ta’kidlashicha, bu tartib faqatgina koronavirusga test topshirgan va musbat natija chiqqan fuqarolarga taalluqli. Alomatlar paydo bo‘lib, test topshirmagan fuqarolar nima qiladi? SSV vakili bu savolga ham javob qaytardi.
“Alomatlar endi ko‘rina boshlagan bo‘lsa, u ham shu tartibda murojaat qiladi. Yana bir yo‘li bizda 1105 Call-markazi tashkil qilingan. Bu Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun. Respublika bo‘yicha 1003 raqamli Call-markazi ishlab turibdi. U yerda hududga topshiriq beriladi. Hududda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va sog‘liqni saqlash bo‘limidan epidemiologlar boradi. Fuqaroda haqiqatda alomatlar bo‘lsa, test olinadi va tekshirilib, javobi beriladi. Qolgan ishlar yuqorida aytigan tartibda amalga oshiriladi”, dedi Yusupaliyev.
Avvalroq, SSV vakili O‘zbekistonning 1 millionta koronavirus test zaxirasi borligini ma’lum qilgandi. Ammo tizimga bosim ortib ketgani uchun test topshirishda muammolar yuzaga kelayotgani ta’kidlangandi.
LiveBarchasi