Koronavirus yuqtirib olgan bemorlarning ahvoli haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
16 mart 2020
42879Ma’lumki, O‘zbekistonda COVID-2019 koronavirusini yuqtirib olgan bemorlar jami 6 nafarni tashkil etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlarning ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, epidemiologik surishtiruv hamda kasallik tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.
“Hozirga qadar koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 6 nafar bemor klinikamizda yotqizilgan. Ular Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan stantdartlar asosida davolanmoqda. Bemorlar shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz tibbiy nazoratga olingan. Umumiy ahvoli doimiy kuzatuvga olingan. Ayni paytda bemorlarimizning ahvoli qoniqarli”, deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, tibbiyot muassasalari zarur dori-darmon vositalari hamda mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan bemor – oliy toifali shifokor 11 mart kuni Fransiyadan qaytgan bo‘lgan. Mamlakatdagi qolgan 5 bemorning 4 nafari birinchi bemorning yaqin qarindoshlari. Bir nafar bemor esa Kecha, 15 mart kuni soat 05:15 Istanbul-Toshkent reysida Turkiyadan O‘zbekistonga kelgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 169 942 kishi koronavirusga chalingan. 6523 nafar bemor vafot etgan, 77 778 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi