Koronavirusni yuqtirib olgan bemor haqida to‘liq ma’lumot berildi
Jamiyat
−
15 mart 2020
51636Bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalingan ilk bemor aniqlandi. Bemor joriy yilning 11 mart kuni Parij-Toshkent reysida O‘zbekistonga qaytgani aniqlandi. Koronavirusni yuqtirib olgan ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan Matbuot anjumanida so‘z bordi.
Bemor joriy yilning 28 fevral — 11 mart kunlari Fransiyada sayyohatda bo‘lgan.
11 mart kuni soat 6:00 da Parij-Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan. Toshkent xalqaro aeroporti sanitariya-karantin punktida termometriya hamda birlamchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan va tekshiruv davomida kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manziliga aniqlik kiritilib, uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.
Joriy yilning 13 mart kuni bemor tomog‘ida qichishish, tana harorati ko‘tarilishi hamda yo‘tal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Bemordan 14 mart kuni koronavirus infeksiyasiga labortoriya tahlili uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga namuna olingan va 15 mart kuni soat 06.00da namuna javoblariga ko‘ra koronavirus infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Samolyotda bemor bilan 48 nafar yo‘lovchilar kelgan. Ulardan 24 nafari tranzit yo‘lovchilar bo‘lib, qolgan 24 nafari O‘zbekistonda qolgan. Ushbu fuqarolarning 4 nafari Fransiya, 1 nafar Italiya va 1 nafar Braziliya fuqarolari bo‘lgan.
O‘zbekistonda qolgan 24 nafar fuqarolar asosiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatlari shakllantirildi. Ularni 14 kunlik karantin o‘tkazishi uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 11 mart kuni faoliyat olib borgan 69 nafar chegara qo‘shinlari, bojxona, aeroport xodimlarining ro‘yxati shakllantirildi hamda maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
Bemorning 10 nafar oila a’zolari to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirildi. Bemor istiqomat qiluvchi ko‘p qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazildi. Shu bilan birga, mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi 230 nafar fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy kuzatuvga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning qayd etishicha, virusni yuqtirib olgan bemor bilan aloqada bo‘lgan jami 150 kishi izolsiyaga olingan. Ular orasida bemorning 9 nafar oila a’zolari ham bor.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 162 651 kishi koronavirusga chalingan, ularning 6069 nafari vafot etgan, 76 219 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.