Koronavirus pandemiyasi “Buyuk depressiya” davriga tenglashtirildi

Jamiyat

image

G‘arbiy mamlakatlar iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi tufayli 1929 yildan beri eng yomon inqirozga duch keldi. Bu fikrni “France Info” radiosida chiqish qilar ekan Fransiya iqtisodiyot va moliya vaziri Bryuno Le Mer bildirdi.

U, birinchi navbatda, mamlakatda ishlab chiqarish quvvatini saqlab turish va biznesni qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta’kidladi. 

"Hozirgi vaqtda davlat xarajatlarining yakuniy hisobi hatto muhokama ham qilinmaydi. Asosiysi, fabrikalarimiz, korxonalarimiz, hunarmandlarimiz va mustaqil tadbirkorlarimizning ishlab chiqarish imkoniyatlarini qanday saqlash kerakligida. Biz ularning kasod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Chunki hozirda shafqatsiz iqtisodiy inqiroz ketyapti. Ehtimol bu 1929 yildan beri G‘arb mamlakatlaridagi eng yomon iqtisodiy davrdir", dedi u. 

Vazir bu bilan dunyo uchun eng qiyin sinovga aylangan 1929-1933 yillardagi (Buyuk depressiya) jahon iqtisodiy inqirozini nazarda tutdi. Ushbu davr Yevropa iqtisodiyotiga kuchli zarba bergan edi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat allaqachon davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan sanoat korxonalari ro‘yxatini tuzgan. Ammo qaysi sanoat sohalariga qancha mablag‘ ajratilishi haqida ma’lum qilmagan. “Turli sektorlar borligini barcha yaxshi tushunadi. Aviatsiya va avtomobilsozlik sohalariga yordam kerak", degan Le Mer.

Vazirning ta’kidlashicha, ayni vaqtda 730 ming odam o‘zlarini “doimiy ishsiz” maqomida tan olinishlarini so‘rab, hukumatga murojaat qilgan. Ularga bir necha kun uchun 2,2 mlrd yevro ajratilgan. 

“Biz ushbu maqsadlar uchun 8,5 milliard yevro ajratdik. Shuningdek, soliq va ijtimoiy to‘lovlarni to‘xtatib turish ko‘zda tutilgan, buning uchun ma’lum miqdordagi mablag‘lar ham ajratilgan”, dedi moliya vaziri.

Fransiyada koronavirusga 19856 odam chalindi. 1587 bemor shifo topgan bo‘lsa, 860 kishi vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya koronavirus

Baholaganlar

110

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing