Koronavirus xavfi: Jamoat transportida naqd pulsiz to‘lov qilish tavsiya etildi
Jamiyat
−
19 mart 2020
5901Koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonda ham qayd etilgani ushbu virusning keng tarqalishiga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni taqazo qilmoqda. Jumladan, karantin vaqtida virus o‘choqlari keng yoyilishi mumkin bo‘lgan joy va vositalardan foydalanish vaqtincha cheklanmoqda.
Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, aholi o‘rtasida muomala vositasiga aylangan naqd pullar turli sharoitlarda saqlanishi va foydalanilgani uchun ham viruslarning asosiy tashuvchisi hisoblanadi.
Shu sababdan, “Toshshahartransxizmat” AJ ham jamoat transportlarida to‘lovni naqd pulsiz ko‘rinishda to‘lashni tavsiya qilyapti.
“Ana shu jihatlarni inobatga olib, jamoat transportlaridan foydalanganda to‘lovni elektron kartalar yoki oylik yo‘l chiptalari orqali amalga oshirishingiz o‘zingiz va atrofingizdagilarning salomatligi va xavfsizligi uchun foydalidur.
Joriy yilning yanvar oyidan muomalaga kiritilgan avtomatlashtirilgan tizim va yagona transport kartalarining bir muncha afzalliklari mavjud.
Bu turdagi kartalarni metroning kassalari hamda oylik yo‘l chiptalari bilan savdo qiluvchi shohobchalardan xarid qilishingiz mumkin.
Aziz yo‘lovchi, ushbu yangi va zamonaviy to‘lov tizimidan foydalaning. Bu bilan ayni vaziyatda o‘z salomatliginigizni saqlash bilan birga tizimda innovatsion loyihalarning samarali va maromda ishlashiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz”, deyiladi kompaniya xabarida.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ham ayni vaziyatda virus infeksiyasining tarqalmasligi uchun zarurat bo‘lmaganda naqd puldan imkon qadar foydalanmaslikka, barcha to‘lovlarni elektron kartalar orqali amalga oshirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virus bilan og‘rigan bemorlar 18 kishini tashkil qilmoqda. Mamlakatda 6 ming kishi karantinga olingan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi