Berlin jamoat transportida ayollar uchun alohida vagonlar joriy etilishi mumkin
Olam
−
14 noyabr
2549Berlin jamoat transportida jinsiy jinoyatlar sonining oshishi munosabati bilan, “Yashillar” partiyasi deputatlar palatasi a’zosi Ante Kapek faqat ayollar uchun vagonlarni joriy etish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “Berliner Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Berlin jamoat transportida so‘nggi o‘n yil ichida jinsiy jinoyatlar soni 3,6 barobarga oshgan. Xususan, o‘tgan yili jami 391 ta holat qayd etilgan va vaziyat, ayniqsa, metro va shahar elektr poyezdlarida keskinlashgan.
Kapekning taklifiga ko‘ra, stansiyalarda ayollar uchun maxsus hududlar yaratish, tezkor qo‘ng‘iroq tugmachalari va videokuzatuv tizimini o‘rnatish hamda faqat ayollarga mo‘ljallangan vagonlarni joriy etish zarur. Ayollarga mo‘ljallangan bu vagonlar haydovchi kabinasining ortida yoki poyezd oxirida joylashtirilishi rejalashtirilgan.
“Bunday tizim Yaponiyada allaqachon muvaffaqiyatli amalda bo‘lib, yuqori yuklama soatlarida ayollarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu vagonga oid qoidalar nogironlar va 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar uchun istisno qilinadi”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Berlinda ushbu tashabbus munozaralarga sabab bo‘lmoqda. “Bild” nashri bu bo‘yicha o‘z saytida so‘rovnoma o‘tkazgan va unda hozirgacha 35 000 kishi qatnashgan. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 58 foizi ayollar uchun vagonlar g‘oyasiga qarshi chiqib, bunday choralar transport xavfsizligi muammolarini hal qilish o‘rniga ko‘proq to‘siqlar yaratishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida avtobusga “Ayollar oldinda, erkaklar orqada” yozuvini osgan haydovchi intizomiy jazoga tortilgan edi.
LiveBarchasi