Koronavirus xavfi: XTV va MTV nega Bosh vazirning talabini bajarmayapti?
Jamiyat
−
17 mart 2020
13526O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etilganidan keyin, shu kunning o‘zida (15 mart) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi Matbuot anjumani o‘tkazilib, unda koronavirus xavfi sabab davlat va nodavlat tashkilotlarda yig‘ilish hamda majlislar o‘tkazishga taqiq qo‘yilishi aytilgan edi.
Shuningdek, davlat tashkilotlarida fuqarolarni qabul qilishning virtual usuli yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Xalq ta’limi vazirligi ba’zi viloyatlarda maktablarda o‘qituvchilar ishtirokida, jumladan mahalliy hokimiyat vakillari talablariga ko‘ra, turli majlislar o‘tkazilayotganligi haqida ma’lumotlar kelayotganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov vazirliklar va idoralarga majlisbozlikni taqiqlashiga qaramay, bugun, 17 mart kuni soat 15:00 da Prezident Administratsiyasida huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekistonda koronovirus infeksiyasining tarqalishi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar" mavzusida brifing o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning bosh tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi. Ma’lumotlarga qaraganda, yig‘ilishda har ikki vazirlik rahbariyati ishtirok etadi.
Ushbu yig‘ilishda kamida 50 kishi ishtirok etishi ehtimoldan xoli emas. SSV tomonidan o‘tgan hafta koronavirus mavzusida o‘tkazilgan Matbuot anjumanida 200ga yaqin kishi ishtirok etgandi.
Ma’lumki, koronavirus butun dunyoga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Oxirgi uch kun ichida O‘zbekistonda ushbu xastalikka chalinganlar 10 nafarga yetdi. 2100 kishi nazoratga olindi. Bosh vazir topshirig‘iga binoan ommaviy tadbirlar, xalqaro aviaqatnovlar va avtomobil orqali yo‘lovchi tashish taqiqlandi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha ta’lim muassasalarida eng kamida ikki haftalik karantin e’lon qilindi. Vazirlik va idoralarda majlislar o‘tkazishga ham taqiq qo‘yildi. Ana shunday bir paytda Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi odamlarni bir joyga yig‘ib, bunday tadbir o‘tkazishi qanchalik to‘g‘ri?
Ustiga-ustak brifingda OAV xodimlariga oldindan tayyorlab kelingan ma’lumotlar o‘qib eshittiriladi, savollar qabul qilinmaydi. Shunday ekan o‘sha ma’lumotlarni onlayn tarzda internet sahifalari orqali yetkazish mumkin emasmi? Kechagina boshqa tashkilotlarni yig‘ilish o‘tkazishda ayblab chiqqan XTV bugun o‘zi bu qoidalarni buzishi o‘zim – xon, ko‘lankam maydon deyish emasmi?
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 182 864 kishi koronavirusga chalingan. Shundan, 7174 nafar bemor vafot etgan, 79 885 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi