Koronavirus: qurbonlar soni 500 ga, davolanganlar 1000 ga yaqinlashdi

Olam

image

Xitoyda paydo bo‘lib, dunyoga tarqalgan yangi 2019-nCoV koronavirusi qurbonlari va u bilan kasallanganlar bo‘yicha 5 fevralning dastlabki ma’lumotlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Bugun, 5 fevral ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus qurbonlari soni butun dunyoda 492 nafarga yetdi. Shulardan 490 nafari Xitoyda, 1 nafardan Gonkong va Filippinda vafot etgan.

Virusga chalinganlar soni 24552 nafarga yetdi. Shularning 24324 nafari Xitoyda, qolganlari dunyoning 26 mamlakatida aniqlangan. Bemorlarning 13 foizi yoki 3223 nafari og‘ir ahvolda.

Shu bilan birga virusni yengib, davolanganlar soni ham ortib boryapti. Bugungacha 911 nafar odam koronavirusdan davolanib, shifoxonadan chiqarilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirus epidemiyasini pandemiya, ya’ni dunyo miqyosidagi kuchli epidemiya deb olmadi. Tashkilot mutasaddilari vaziyat bu darajaga yetib kelmaganini ta’kidladi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

126

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing