Koronavirus deb, odamlarni qirib tashlashimiz kerakmas – Tez yordam shifokori SSVga taklif bilan chiqdi
Jamiyat
−
21 iyul 2020
75704Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam shifokorining mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida yuz bergan inqirozga shaxsiy izohi aks etgan video tarqaldi. O‘zini Atashayev Husan deb tanishtirgan tibbiyot xodimi vaziyatni yechish uchun o‘z taklifini ham bildirib o‘tgan.
Shifokorning ta’kidlashicha, bugungi kunda tez tibbiy yordamga bo‘layotgan chaqiruvlar soni 2-3 barobar ko‘paygan. O‘z o‘zidan kechikishlar soni ham ko‘payib boryapti.
“Tez tibbiy yordamning 80, 90 va 100 foizgacha kechikishi ko‘payyapti. 3 kun ichida 43 ta odam o‘ldi deyishdi. Ularning bari COVID-19 dan o‘layotgani yo‘q. O‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmagani uchun o‘lyapti. Nega? Chunki 3 soatda borgan tez tibbiy yordam tez tibbiy yordam hisoblanmaydi. 1 soatda borsa ham. Bizda 3, 4, 5 ,6 soatlab kechikib boryapti”, deydi shifokor.
U so‘zida davom etib tez yordam nega kechikayotganiga to‘xtalib o‘tgan. Shifokorning aytishicha, isitmalash, harorat ko‘tarilishi tez tibbiy yordamning ishiga kirmaydi.
“Isitmalayotgan bemorning davolanashi, unga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, koronavirus tarqalgan joyda tez tibbiy yordamning ishiga kirmaydi. Chunki isitmalayotgan odamlarning 90 foizida COVID-19 bor yoki atipik zotiljam hozir tarqalgan. Tez tibbiy yordamga shamollash bilan murojaat qilish ko‘payib ketdi. 30 foizga yetdi. Bu hali oshib boradi va hozir ishlab turgan tez tibbiy yordam ham ishlamay qoladi”, deydi shifokor Atashayev.
Uning ta’kidlashicha, har kim o‘z vazifasini qilishi kerak. Tez yordam shoshilinch yordam ko‘rsatishi kerak, isitmalayotgan odam bilan poliklinika va sanitariya-epidemiologiya markazi shug‘ullanishi kerak. Shifokor bu masalaga o‘z yechimini ham taklif qilgan.
“Har bir poliklinikada tunu kun ishlaydigan tibbiy punkt ochilishi kerak va tunu kun ishlaydigan Damas avtomobili, shifokor, feldsher yoki hamshira bo‘lishi kerak. Ular nima qiladi? Masalan, bir sutkada har bir poliklinikaga 25-30 ta isitmalagan murojaat tushadi. Ammo shifokor uyga bormayapti, tez yordam chaqir deyapti. Chunki shifokor borgisi kelmayapti. Poliklinikaning o‘ziga isitmalagan odam kiritilmayapti”, deydi u yuz berayotgan holatni tasvirlab.
Shifokor, natijada odamlar 10 kunlab isitmalab, qolib ketayotganini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, tez tibbiy yordam isitma tushurish uchun boradi, davolash uchun emas. Shu sababli, Husan Atashayev SSVga taklif bilan chiqdi.
“Har bir poliklinikada hech bo‘lmaganda bittadan shifokor, hamshira bir sutkada bir ishlaydigan bo‘lsa va faqatgina isitmalaganga borsa, birinchi yordamni ko‘rsatadi va davolaydi. Kerak bo‘lsa koronavirusga surtma ham oladigan bo‘lsin. Shuni qilmasa, COVID-19 bahona boshqa odamlar ham tez yordam kutib, o‘lib ketaveradi. Hozir koronavirusdan ko‘ra, tez tibbiy yordam vaqtida bormasligidan o‘lim ko‘payib ketyapti. Ahvol og‘irlashib qoldi”, deydi shifokor.
Tibbiyot xodimining so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yorda avvaldan poliklinikaning ishini qilgan. Ambulator bemorlarga ham qarar edi. Endi esa epidemiya tarqalgan vaqtdagi yuklamani ham bo‘yniga olgan va natijada yordam 3-4 soatlab kechikyapti.
“Kechikishiga asosiy sabab isitmalayotgan odam osma ukol oladi. Uni kim qiladi? Hech kim qilmaydi. Hatto, xususiy klinika ham harorat yuqori bo‘lsa, osma ukol qilmaydi. Poliklinikadan hech kim chiqmaydi, natijada tez tibbiy yordamga murojaat qilinadi. Bu vaqt oladi.
Buning yana bir tomoni, isitmalayotgan odamni shifoxonaga yotqizib bo‘lmaydi. Unga “borib, COVID-19 ga tekshirtirib kel”, deydi. U to borguncha, kasal bo‘ladi. Biz birgina koronavirus deb, odamlarni qirib tashlashimiz kerakmas. To‘g‘ri, u bilan ham kurashish kerak. COVID-19 uchun poliklinikada maxsus o‘qitilgan odamlar bo‘lishi, koronavirusni davolash standardlarini biladigan. O‘shanda tez tibbiy yordam o‘z ishini qilsin. Tomdan tushib ketsa-da, 3 soatdan keyin kelsa, bemor o‘lsa; oshqozondan qon ketyapti, 3 soatda borsa, o‘lib qolgan deb kelsa... Nimaga bu? Sog‘liqni saqlash vazirligi qayerga qarayapti, nahotki shuni tushunmayapti? Tushunishni ham istamayapti”, deydi Husan Atashayev.
Shifokor tez tibbiy yordam xodimlari ham COVID-19 ga chalinsa, kim ishlaydi deb savol bergan. Poliklinikadagilar tez yordamda ishlolmaydi. Uning ta’kidlashicha, qo‘shimcha avtomobil berilgani bilan unda ishlaydigan odam yo‘q.
“Chunki hammasi isitmalab yotibdi, byulletenga chiqib ketyapti. Kim ishlaydi? “15 daqiqada keladigan qilyapmiz” deydi. Noto‘g‘ri gap bu. Poliklinikada tunu kun ishlaydigan tibbiy punkt ochish kerak ham poliklinika hududida isitmalayotganlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun mobil guruh ishlashi kerak”, deydi Atashayev.
U fikrini davom ettirib, poliklinika hududi u qadar katta emasligini va 20-30 bemorni ko‘rish uchun benzin ham ko‘p ketmasligini qo‘shimcha qilgan.
“Eng yaxshi tomoni isitmalab yotgan bemorga e’tibor kuchayadi. Ikkinchidan, test olish ham oson bo‘ladi. Hozir butun shaharni aylanib, test topshirishyapti. Kasallik yuqib ketyapti. Uy sharoitida surtma olish mumkin. Poliklinika laboratoriyasida “mazok” tekshiradigan sharoit qilish kerak.
Shunda tez tibbiy yordam kechikib kelmaydi, odamlar o‘lmaydi. Ikkinchidan poliklinikada koronavirus standartlarini biladigan odam bo‘lsa, buning uchun qisqa kursda o‘qisa yetarli. Yana isitmalagan odamni alohidalash haqida gapirishadi. Xalqni orasida bunday narsa yo‘q. Bittasi isitmalab yotibdi, o‘nta odam niqobsiz atrofida o‘tiribdi. Bir biriga yuqib ketyapti. Shu ham koronavirus ko‘payib ketishiga asosiy sabablardan bittasi.
Karantinni kechki payt joriy qilish kerak. Kunduzi kasal yuqishi kam. Virus quyosh nurida o‘ladi. Quyosh nuri bo‘lmasa, binafsha nuri ham bo‘lmaydi, virus ham o‘lmaydi. Natijada uzoq vaqt saqlanadi. Asosan kechki payt yuqadi.
Kechki payt soat 19:00 dan keyin hech kim yurmasin. Do‘konlarning hammasini yopish, mashinalar yurmasligi kerak. Odamlar ishlayversin, shifoxonalar ochiq bo‘lsin. Lekin kechki payt hamma joy yopilishi kerak. Faqat tez tibbiy yordam va militsiya xodimlari yursin”, deya ta’kidlagan shifokor.
Uning fikricha, virus salqinda uzoq vaqt saqlanadi va tarqalish imkoniyati ham kengayadi.
“Bu bilan kunduzi niqobsiz yuringlar demoqchimasman. Faqatgina kunduzi yuqish ehtimoli kam. Chunki quyosh nuridan kelayotgan ultrabinafsha nuri virusning uzoq saqlanishiga qo‘ymaydi. 90-95 foiz kechki payt yuqadi. Yaqqol misol, kechki payt to‘y qilganda yuqib ketyapti. Kechasi faol bo‘ladigan muassasalarni yopish kerak. Xalq hozir nima qilyapti? Kunduzi karantinda o‘tiribdi, kechki payt chiqib ketyapti. Natijada virus yuqib ketyapti. Bittasi karta o‘ynayapti, narda o‘ynayapti, shaxmat o‘ynayapti, ayollar bir biri bilan gaplashib o‘tiribdi... Tungi va kechki smenani yo‘qotish kerak. Do‘konlar soat 18:00 gacha ishlasin”, deb shifokor taklifini bildirib.
U karantin kechki payt soat 19:00 dan ertalab soat 7:00 gacha qilishni tavsiya qilgan.
Qayd etish kerak, bugun O‘zbekiston Prezidenti pandemiya masalasida yig‘ilish o‘tkazib, poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazishga ko‘rsatma bergandi. Bunga Bosh vazir o‘rinbosari behzod Musayev mas’ul etib belgilangan.
LiveBarchasi