Koronavirus bilan bog‘liq bugunning ilk xushxabari
Jamiyat
−
19 aprel 2020
20868Buxoro viloyatida koronavirusdan yana 10 nafar fuqaro tuzaldi. Ushbu xabar bugunning ilk xushxabari bo‘ldi. Bu haqda bugun, 19 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi
“Bugun Buxoro viloyati ixtisoslashgan tibbiyot muassasasidan 10 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, shifo topganlarning barchasi joriy yil 25 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Sog‘ayganlarning 9 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ularning 3 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, Toshkent shahri, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.
Shunday qilib, mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan tuzalganlar jami 204 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning 5 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi