Koronavirus: AQSH eng yirik vaksina sinovini boshladi. Hindistonda yangilik bor

Salomatlik

image

AQSHda kecha, 27 iyul kuni Moderna biotexnologiya kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirus vaksinasining uchinchi va yakuniy sinovi boshlandi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.

Vaksinaning klinik sinovida 30 ming kishi ishtirok etyapti. “Associated Press” nashrining yozishicha, bu dunyoda SARS-CoV-2 koronavirus infeksiyasi vaksinasiga o‘tkazilayotgan eng keng ko‘lamli sinov bo‘ladi.

Moderna kompaniyasi vaksinani ixtiro qilish uchun AQSH Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy-biologik tadqiqotlar departamentidan 483 million dollar mablag‘ olgan. Shu bilan birga, vaksinaning yakuniy sinovi nisbatan kam odamda o‘tkazilishi taxmin qilingandi.

Ammo Food and Drug Administration (AQSHning mahsulotlarning sifatiga javobgar tuzilmasi) bilan bo‘lgan maslahatlashuvlarda tomonar uchinchi bosqichda volontyorlar sonini keskin oshirishga kelishgan. Buning uchun kompaniyaga yana 472 million dollar ajratiladi.

Koronavirus vaksinasi borasida dunyoda farmatsevtika sohasida yetakchi davlat Hindistonda ham yangilik bor. Hindistonda yaratilgan Covaxin vaksinasining klinik sinovi Dehlida Butunhindiston tibbiyot fanlari institutida (AIIMS) boshlandi.

Vaksinaning ilk dozasini 30 yoshli dehlilik erkakka yuborishgan. U ikki soat davomida shifoxonada nazoratda bo‘lgan. Unda hech qanday kutilmagan belgilar kuzatilmagan. Ammo shifokorlar ko‘ngilli erkakni yetti kun davomida nazorat qilib turadi.

Vaksina Haydaroboddagi Bharat Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Uni sinash uchun 1800 dan ko‘proq odam ko‘ngilli sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 

Bundan tashqari yana yettita hind kompaniyasi samarali koronavirus vaksinasi ustida ish olib boryapti.

Jons Xopkins universiteti ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar 16 521 620 nafarga yetgan. Ularning 654 327 nafari vafot etgan va 9 590 929 nafari sog‘aygan.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus vaktsinasi

Baholaganlar

1109

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing