Italiyada koronavirus qurbonlari soni 4 mingdan oshdi
Olam
−
21 mart 2020
9313Bugun, 21 mart holatiga dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 275 427 nafarga yetdi. Shundan 88 250 nafari davolandi. Bu haqda Amerikaning Jon Xopkins tadqiqot universiteti ma’lum qildi.
COVID-19 koronavirusi qurbonlari soni 11 397 nafarga yetdi. Qurbonlar bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketgan Italiyada virusdan 4032 kishi halok bo‘lgan. Bu bir sutkada 627 kishi virusdan vafot etdi degani.
Italiyada 47 021 kishi koronavirusga chalingan. Yevropada koronavirus o‘chog‘iga aylangan Italiya hukumati yangi-yangi taqiqlov choralarini qo‘llayapti. Istirohat bog‘lari yopilib, ko‘chalardagi ko‘ngilochar faoliyatlar to‘xtatilyapti. Shuningdek, temir yo‘l stansiyalaridagi do‘konlar, AYOQSHlardagi kafe va ovqatlanish shoxobchalari ham yopilyapti. Dam olish kunlari bir uydan boshqasiga o‘tish ham taqiqlandi.
Ispaniyada koronavirusga chalingan 21 571 nafar bemor mavjud. Bu yerda pnevmoniya 1,1 mingga yaqin odamni hayotdan olib ketdi. Qirollikda yuqori tayyorgarlik holati amal qilyapti.
Germaniyada esa virus yuqtirganlar 19 848 nafarga yetdi. COVID-19 infeksiyasidan o‘lganlar 68 nafarga yetdi. Virus avj olgan Bavariya o‘lkasida odamlarning uyini tark etishi cheklandi.
Fransiyada koronavirusdan vafot etganlar 450 nafarga yetdi, u yerda bir sutkada qurbonlar 78 nafarga ortdi. Mamlakatda COVID-19 koronavirusini yuqtirganlar 12 632 nafarga yetdi.
Fransiyaning Marsel shahri portiga kelgan Costa Luminosa kruiz kemmasidagi 36 kishida ham koronavirus aniqlandi.
Ma’lumot uchun, bundan avval Diamond Princess kruiz kemasining 500 dan ortiq yo‘lovchisida koronavirus aniqlangandi.
Polshada epidemiya rejimi e’lon qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 425 kishida koronavirus aniqlangan, ularning 6 nafari vafot etgan. Xorijliklar uchun mamlakat chegarasi yopilgan, xalqaro avia va temir yo‘l tashuvlari to‘xtatilgan. Shuningdek, 50 kishidan ko‘proq odamning bir joyga to‘planishi ham taqiqlangan, barcha ta’lim muassasalari va ko‘ngilochar joylar yopilgan
Shveysariyada esa 5 kishidan ko‘p odamning bir joyga to‘planishi taqiqlangan, ammo umumiy karantin e’lon qilinmagan. Fuqarolarga bir-biridan 2 metr uzoqlikda yurish majburiy qilib qo‘yilgan. Qoidani buzganlarga jarima belgilandi.
Xitoyda bir sutkada 41 kishida koronavirus aniqlangan, yetti kishi halok bo‘lgan. Epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xubey provinsiyasida bir sutkada birorta ham kasallikka chalinish holati aniqlanmagan. Epidemiya boshlanganidan beri Xitoyning materik qismida jami 81 008 kishida koronavirus aniqlangan, 3255 kishida koronavirus ayanchli yakunlangan.
Janubiy Koreyada COVID-19 yuqtirganlar 8799 nafarga yetdi, qurbonlar 102 nafar. Yaponiyada COVID-19 virusga chalinganlar soni 1728 nafarga yetdi. Shulardan 42 kishi halok bo‘ldi, 61 kishining ahvoli og‘ir deb baholanyapti. Shifoxonalardan 766 kishi davolanib chiqdi.
AQSHda koronavirus yuqtirganlr 20 mingga yaqinlashdi, 249 kishi halok bo‘ldi. Kanadada koronavirus bilan kasallanganlar 925 nafarga yetdi, 12 kishi halok bo‘ldi.
Turkiyada esa COVID-19 bilan kasallanganlar 670 nafarga yetdi. Ularning 9 nafari vafot etdi.
Paragvay, BAA, Isroilda koronavirusdan ilk o‘lim qayd etildi. Madagaskar va Zimbabveda ilk bor koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etildi.
LiveBarchasi