Osiyoda COVID-19’ning yangi to‘lqini paydo bo‘ldi
Olam
−
16 may
9483Osiyoda COVID-19 bilan kasallanishning yangi to‘lqini qayd etildi. Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududida va Singapurda koronavirus infeksiyasining keskin o‘sishi kuzatilmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, mintaqada virusni yuqtirganlar soni bir necha oy davomida o‘sib bormoqda, bu vaqti-vaqti bilan yangi kasallik to‘lqinlarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Gonkong va Singapur rasmiylari yana aholini emlashga chaqirmoqda hamda xavf ostida bo‘lgan odamlarga kuchaytiruvchi emlashni eslatmoqda.
Joriy yilning 13 may kuni Gonkong Sog‘liqni saqlash markazining yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Ou Szyajun RTHK telekanali efirida yangi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning “yetarlicha yuqori darajasi” haqida ogohlantirgan. Uning xabar berishicha, o‘tgan hafta Gonkongda 2024 yilning aprelidan beri eng ko‘p kasallanish holatlari qayd etilgan. Shifoxonalarga tashriflar va yotqizishlar soni o‘sishda davom etayotgani, shuningdek, oqava suvlardagi virus darajasi ham oshib borayotgani ta’kidlangan.
Xabarda keltirilishicha, mintaqadagi eng yirik moliyaviy markazlardan biri bo‘lgan Singapur koronavirusning yangi to‘lqiniga “tayyor”. Joriy yilning may oyida mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi yil davomida birinchi marta COVID-19 bilan kasallanish bo‘yicha yangilangan statistikani e’lon qilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 27 apreldan 3 maygacha bir hafta oldingiga qaraganda 28 foizga ko‘proq infeksiya qayd etilgan, shifoxonaga yotqizilganlar soni ham 30 foizga oshgan. Hukumat fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni, odamlar ko‘p bo‘lgan joylarda niqob taqishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH ma’muriyati COVID-19 laboratoriyadan kelib chiqqani bo‘yicha yangi dalillarni o‘z ichiga olgan maxsus internet sahifani ishga tushirgan edi. Unda Xitoyning Uxan shahridagi laboratoriyani asosiy manba sifatida ko‘rsatuvchi fikrlar ilgari surilgan.
Keyinroq esa Xitoyda COVID-19’ni oldini olish, nazorat qilish va kelib chiqishini aniqlashga bag‘ishlangan oq kitob (ya’ni rasmiy hukumat hujjati) e’lon qilindi. Ushbu hujjatda koronavirusning tabiiy manbai sifatida Uxan shahri inkor etilgan va Uxan virusologiya laboratoriyasidan virusning sizib chiqishi “ehtimoldan yiroq” deb baholangan. Hujjatda, shuningdek, AQSHda Xitoydan avval COVID-19 bilan kasallanish holatlari qayd etilgani haqidagi ko‘plab dalillar keltirilgan. Shu asosda Xitoy tomoni virus kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha keyingi bosqichdagi tadqiqotlar AQSHda olib borilishi lozimligini ta’kidlaydi.
LiveBarchasi