Osiyoda ham Millatlar ligasi tashkil etilishi mumkin
Sport
−
12:45 458 2 daqiqa
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2030 yildan boshlab Millatlar ligasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Yangi musobaqa Jahon chempionati va Osiyo kubogi saralash bosqichlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish rejasining bir qismi bo‘ladi. Ushbu tashabbus Yevropa, KONKAKAF va Afrika futbol konfederatsiyalari tajribasi asosida amalga oshirilishi mumkin.
Afrikada ham shunga o‘xshash musobaqani 2029 yildan boshlash rejalashtirilgan. Millatlar ligasi har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Unda ishtirokchilar uchta divizionga bo‘linadi: birinchi va ikkinchi divizionlarda 18 tadan, uchinchi divizionda esa 11 ta jamoa ishtirok etadi. Yevropa Millatlar ligasidagi kabi divizionlar o‘rtasida avtomatik ravishda yuqoriga ko‘tarilish va quyi divizionga tushish tizimi joriy etiladi.
Jahon chempionati saralash sikliga mos keladigan musobaqalarda yuqori divizionning eng yaxshi oltita jamoasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi rejalashtirilgan. Bu tizim bo‘yicha ilk musobaqa 2032-2033 yilgi mavsumga mo‘ljallangan.
Yettinchidan o‘ninchi o‘ringacha joylashgan jamoalar konfederatsiya uchun ajratilgan qolgan ikkita yo‘llanmaga ega chiqish maqsadida qo‘shimcha musobaqada qatnashadi. Uchinchi o‘rinni egallagan jamoa esa boshqa konfederatsiyalar vakillari bilan birga qit’alararo pley-offda ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, 2030 yildan boshlab Osiyo kubogi saralash bosqichini ham Millatlar ligasi orqali o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu OFKga Jahon chempionati va Osiyo kubogi saralash tizimlarini yagona musobaqa formatiga birlashtirish imkonini beradi.
Live
Barchasi