To‘y-hashamlarning vaqtincha to‘xtatilishiga izoh berildi
Jamiyat
−
21 mart 2020
14172Avvalroq, Yangi turdagi koronavirusning O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 23 martdan boshlab “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston fuqarolarini sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilingani haqida xabar bergan edik. Mazkur qaror koronavirus bilan bog‘liq mamlakatdagi vaziyat haqida turli xil asoslangan ma’lumotlarning tarqalishi, odamlar orasida shov-shuvning paydo bo‘lishi va vahimaning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida esa maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini vaqtincha cheklash boshqa davlatlarda kuzatilgan ehtimolli xavf-xatarning oldini olish maqsadida qabul ko‘rilgan chora. Ushbu qarorga rasmiylar tomonidan quyidagicha ta’rif berilmoqda:
“Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan qator masalalar yuzasidan respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 21 martdan e’tiboran barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud ko‘ngil ochar ob’ektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, choyxona, oshxona (uyga eltib berish xizmati bundan mustasno) karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar to‘xtatiladi.
Shuningdek, 23 martdan boshlab “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq mamlakatimiz fuqarolarini sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur bo‘lgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlari bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etiladi.
Majlisda ayni paytda chet ellarda bo‘lib turgan fuqarolarni mamlakatimizga qisqa vaqtlar ichida olib kelish va ularni belgilangan tartibda 14 kun karantinda saqlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar atroflicha muhokama qilindi.
Komissiyaning bunday qarorga kelishidan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimizning salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi COVID-19 virusining tarqalishini oldini olishdir. Ishonamanki, bunday paytda har qanday orzu-havasdan shu aziz Vatanga bo‘lgan mehrimiz, bir-birimizga bo‘lgan samimiy muhabbatimiz ustun keladi. Sinovli kunlarda yanada hamjihat bo‘lsak, barcha qiyinchilikni yengib o‘tamiz.
Sizlardan shunday paytlarda o‘zingizni va yaqinlaringizni sog‘ligiga befarq bo‘lmay, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlashingizni, gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishingizni yana bir bor iltimos qilamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 33 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi